Erdo‘g‘an O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va kuch tuzilmalari rahbarlarini qabul qildi

20 yanvar kuni Anqarada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov, ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov va Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov ham ishtirok etgan. Shuningdek, uchrashuvda Turkiya rasmiylari ham qatnashgan.

Baxtiyor Saidov Erdo‘g‘anga Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazgan.

«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar ijobiy rivojlanish surʼatini ko‘rsatayotgani, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash uchun eng qulay sharoitlarni yaratayotganini taʼkidladik», deyiladi Saidovning postida.

Shuningdek, Anqara O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan raisligida Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhining to‘rtinchi yig‘ilishi ham o‘tkazildi.

Ushbu yig‘ilish doirasida savdo va investitsiyalar, energetik xavfsizlik, mintaqaviy bog‘liqlik, terrorizm va transmilliy tahdidlarga qarshi kurash, mehnat migratsiyasi, madaniyat, taʼlim va turizm kabi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12121 | Инструменты