Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, hozirda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi hayvonlar va o‘simliklar turlari soni ortib bormoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga 2009-yilda 184 ta hayvon va 304 ta o‘simlik turlari kiritilgan bo‘lsa, 2019-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 206 (+22) hamda 314 (+10) tani tashkil etgan.
Mazkur qonun bilan qator qonunlarga mamlakatimizning Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarini muhofaza qilishni yana-da kuchaytirish hamda ularni tabiiy muhitdan ajratib olishni cheklashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik turlarini saqlab qolish va muhofaza qilish uchun ularning o‘sish muhiti bo‘lgan joylarda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilishi hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida ularni tabiiy muhitdan ajratib olgan holda foydalanilishi mumkinligi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan kiritiladigan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qizil kitobga kiritilgan, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning hamda yovvoyi hayvonlarning ayrim turlarini va ularning qismlarini tabiiy muhitdan ajratib olishga doir ruxsatnomalarni berish cheklanishi, cheklovlarning asoslari, ularning amal qilish muddati belgilanishi ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Bundan tashqari, ekologiya va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi davlat organlarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda. Qonun va kodekslardagi oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq tushunchalar “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni normalariga muvofiqlashtirilmoqda.
Qayd etilganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi ekologiya sohasidagi davlat boshqaruvining samarali tashkil etilishini taʼminlashga, Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarining o‘sish va yashash muhiti sharoitlari yaxshilanishiga hamda kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida huquqni qo‘llash amaliyotining bir xilligi taʼminlanishiga, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120622 | Инструменты