Huawei 1
"Fayzullayev, Husanov, Erkinov va Yo‘ldoshevning Osiyo Kubogida ishtirok etishi so‘roq ostida" — Temur Kapadze

«Olimpik» klubi bosh murabbiyi Temur Kapadze O‘zbekiston Superligasi 4-tur doirasidagi «Neftchi»ga (1:0) qarshi bahsdan so‘ng matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirdi. 

«Jamoani g‘alaba bilan tabriklayman va o‘ylaymanki, bunga haqli ravishda erishdik. Yigitlar yaxshi o‘ynashdi va oxirigacha harakat qilishdi. Milliy jamoadan kelganimizdan so‘ng ushbu o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishga ikki kun vaqtimiz bo‘ldi. Yigitlar esa professional. Umuman olganda, «Neftchi»ga qarshi qiyin o‘yin bo‘lishini kutgandik, ammo yigitlar o‘yinda va kurashlarda yaxshi harakat qilishdi. 

«Naftchi»ga yutqazmayotganimiz? Ular qulay raqibmi yoki yo‘q, buni aytolmayman. Ammo chempionatda oson o‘yin yo‘q va barcha bilan bellashuvlar qiyin o‘tmoqda. Bir ochko uchun ham maydonda kurash kechmoqda. Albatta, statistika biz tomonda. Ular bilan Pro-ligadan boshlab o‘yinlar o‘tkazganmiz va bu Superligada ham davom etmoqda. Umuman yigitlar Superliganing boshqa yetakchilariga qarshi ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishadi. Aytmoqchimanki, faqatgina «Neftchi»ga qarshi bunday ishtiyoq bilan o‘ynamaymiz, boshqalar bilan ham shunday. Albatta, «Neftchi» bu yil, umuman oldingi yillarda ham yetakchilardan biri bo‘lib kelmoqda va ularga qarshi o‘ynash yigitlarga katta motivatsiyadir.

2-bo‘limda hujumlar soni ko‘paygani? 1-bo‘limda ikki jamoa ham tetik bo‘lgani uchun unchalik katta bo‘shliqlar bo‘lmadi, deb o‘ylayman. Butun o‘yin davomida «Neftchi»ga zarba berish va vaziyat yaratishga imkon bermadik, bu himoyachilarimizning yaxshi o‘ynaganidan dalolat beradi. Yigitlar esa bo‘shliqlardan yaxshi foydalanishdi, ayniqsa, 2-bo‘limda. Yigitlarga 1-bo‘limda raqib himoyachilarini holdan toydirganimiz sabab 2-bo‘limda xatolar bo‘lishini va uni kutishni aytdim. Ko‘rganingizdek, bu yuz berdi va g‘alabaga erishdik. Bundan xursandmiz.

O‘zbekiston olimpiya jamoasi? Tayyorgarlikni 2 aprelda boshlaymiz va 6 aprelga qadar shu yerda bo‘lamiz. Undan keyin Dubayga bir haftaga yo‘l olamiz va o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazamiz. Shundan so‘ng Dohaga — Osiyo Kubogiga boramiz. 

Hozircha tayyorgarlikni legionerlarsiz davom ettiramiz. Nafaqat Abbos Fayzullayev va Abduqodir Husanov, balki Hojimat Erkinov va Ibrohimxalil Yo‘ldoshevning ishtiroki ham so‘roq ostida. Bunga sabab — FIFA kunlari emasligi va ularda o‘sha paytda tur o‘yinlari bo‘lib o‘tishi. Hozircha muzokaralar o‘tkazyapmiz, ammo bir nima deyish qiyin. Albatta, ularning safimizga qo‘shilib jamoamizni kuchaytirishlariga umid qilamiz. Sababi bu — vatan jamoasi va ularning bari bunga tayyor. Bunday o‘yinchilarga ega bo‘lish har bir murabbiy uchun muhim», — deya Kapadzening so‘zlarini keltiradi klub matbuot xizmati.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga