Huawei 1
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi

Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarga fundamental monetar omillar taʼsiri bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Shu bilan birga, joriy yil 1 maydan ayrim tartibga solinadigan tariflarning erkinlashtirilishi, umumiy inflyatsiyaga bir martalik taʼsir ko‘rsatishi mumkin.

Markaziy bank boshqaruvi, inflyatsiyaning yangilangan prognoz koridorining yuqori chegaralariga nisbatan ham joriy pul-kredit sharoitlari nisbatan qatʼiy fazada shakllanganligini inobatga olib, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayishda davom etib, mart oyida yillik 8 foizni tashkil etdi. Bunda, oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasida sezilarli pasayish kuzatildi. Tashqi oziq-ovqat bozorlaridagi narxlar dinamikasi import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi taʼsir ko‘rsatdi.

Iqtisodiyotda yuqori talabning saqlanib qolayotgani hamda ayrim tartibga solinadigan narxlar va tariflarning oshirilishi sharoitida xizmatlar inflyatsiyasi so‘nggi oylar davomida barqaror o‘sib bormoqda.

Bazaviy inflyatsiya sezilarli sekinlashib, mart oyida yillik 7,6 foiz va yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasidan pastroq shakllandi.

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari inflyatsiyaning joriy va prognoz darajasidan yuqoriligicha qolmoqda. Shu bilan birga, tartibga solinadigan narxlarning to‘g‘rilanishi va aprel oyidan bir qator tovar va xizmatlarga QQS joriy etilishi taʼsirida inflyatsion kutilmalar dinamikasi yuqorilashi mumkin.

Yuqoridagi omillarni hisobga olib yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha 2024 yilda umumiy inflyatsiya prognozi 9-11 foizgacha oshirildi.

Prognoz koridorining nisbatan kengligi, tariflar oshirilishi munosabati bilan aholiga taqdim etiladigan bir martalik to‘lovlar, ijtimoiy norma va ikki oylik imtiyozli davr mazkur o‘zgarishlar taʼsirini yumshatish imkonini berishi hamda hozirgi paytda ushbu o‘zgarishlarning aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga taʼsirini baholash murakkabligi bilan izohlanadi.

Bazaviy inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida qolishi bo‘yicha mustahkam kutilmalar shakllanib, yil yakunida 7-8 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Umumiy inflyatsiya prognozini yangilanishi tartibga solinadigan narxlar oshishining pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarida keltirilgan makroiqtisodiy prognozlarida inobatga olingan dastlabki darajasidan yuqoriroq bo‘lishi bilan bog‘liq. Biroq, ushbu o‘zgarishlarning iqtisodiyotdagi narxlarga taʼsiri bir martalik xarakterga ega bo‘lib, isteʼmol talabini maʼlum darajada pasaytirishi orqali o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning pasayuvchi trendiga sezilarli taʼsir ko‘rsatmaydi.

Hukumat tomonidan iqtisodiyotda yalpi taklifni oshirishga va inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, uzoq muddat davomidagi nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining yig‘ilgan taʼsirlari inflyatsion jarayonlarni jilovlashga xizmat qiladi.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, 2024 yilning birinchi choragida iqtisodiyotning o‘sish surʼati 6,2 foizgacha tezlashdi. Xizmat ko‘rsatish, chakana savdo aylanmasi va qurilish sohalaridagi yuqori o‘sish surʼatlari, shuningdek, ishlab chiqarish va tog‘-kon sanoati sohalarida investitsion faollikning oshishi kuzatildi.

Mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Biroq, ishchi kuchi taklifida maʼlum segmentatsiya mavjud bo‘lib, yuqori malakali sohalarda talabning to‘liq qondirilmayotganligi kuzatilmoqda. Bu esa, tegishli sohalarda ish haqlarining yuqoriroq o‘sishiga olib kelmoqda.

So‘mning real almashuv kursi dinamikasi yil boshidan 0,9 foizga qadrsizlanib, uzoq muddatli trendi doirasida shakllandi. Tashqi savdo hamkorlar milliy valyutalari kurslari va inflyatsiyalari bo‘yicha prognozlarni inobatga olganda real almashuv kursiga nisbatan bosimlar kuzatilmayapti.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, YAIM o‘sishi yil yakuniga 5,2-5,7 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda.

Iqtisodiy o‘sishning yangilangan prognozi aholi va tadbirkorlik subyektlari xarajatlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar hisobiga kelgusida isteʼmol talabining maʼlum maʼnoda maqbullashishi bilan bog‘liq.

Ayni paytda, xususiy investitsiyalarda yuqori faollik, fiskal rag‘batlantirishlar va aholi daromadlarining o‘suvchi dinamikasi o‘tgan yillardagi kabi joriy yilda ham iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘ladi.

Amaldagi pul-kredit sharoitlarining qatʼiylik darajasi, ijobiy real bozor stavkalarini taʼminlash orqali iqtisodiyotda kreditlash hajmlarining bosqichma-bosqich moʻtadillasha boshlagani va depozitlar o‘sishining tezlashishida namoyon bo‘lmoqda.

Kelgusi choraklarda bank tizimining umumiy likvidligi tarkibiy profitsit sharoitidan bosqichma-bosqich tarkibiy defitsit fazasiga o‘ta boshlashi va mazkur tarkibiy o‘zgarishlar pul-kredit operatsiyalari orqali to‘g‘rilanib borishi kutilmoqda.

Inflyatsiya prognozining yuqori chegaralarida ham kutilayotgan pul-kredit sharoitlari inflyatsiyaga monetar omillar taʼsirini cheklovchi va milliy valyutada jamg‘arishni rag‘batlantiruvchi xususiyatlari saqlanib qoladi.

Ayni paytda, bazaviy inflyatsiyaning prognoziga erishish bo‘yicha xatarlar kuchayib, kelgusi davrlarda aholining inflyatsion kutilmalarida sezilarli o‘sish kuzatilgan taqdirda pul-kredit sharoitlarini o‘zgartirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.

Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qatʼiy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar surʼatlariga alohida eʼtibor qaratadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 13-iyunga belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga