Birjada 4 073,8 mlrd so‘mlik tovarlar sotildi, bug‘doy, katodli mis va ammofos narxi pasaydi

O‘tgan hafta davomida, yaʼni 27-may – 2-iyun kunlari “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning barcha savdo platformalarida 4 073,8 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 10,1% ga ko‘pdir. Bunda tuzilgan bitimlarning qariyb 57,6% birja savdolariga, qolgan 42,4% qismi esa elektron tijorat savdo tizimlariga to‘g‘ri keldi.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2 348,3 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi, shu jumladan:

Bug‘doy

O‘tgan haftada birja savdolari orqali 22 624,0 tonna bug‘doy sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 30 ta xaridor ishtirok etdi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 4 525,0 tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda bug‘doyning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 2 991,4 ming so‘mdan 2 986,4 ming so‘mgacha pasaydi.

Katodli mis

O‘tgan hafta davomida birja savdolariga 5 575,0 tonna katodli mis qo‘yildi va undan 2 229,0 tonnasi sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 446,0 tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda katodli mis bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 140 111,4 ming so‘mdan 135 953,6 ming so‘mgacha pasaygan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 6 ta xaridor ishtirok etdi.

Ammofos

Birja savdolari orqali 1 758,0 tonna ammofos sotildi. Ammofosning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 352,0 tonnani tashkil qildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 104 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ammofos bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 6 951,7 ming so‘mdan 6 897,7 ming so‘mgacha pasaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72715 | Инструменты