Sentabr oyida avtomobil bozorida elektromobillar savdosi o‘sishi kuzatildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan
O‘tgan oyda yengil avtomobillar savdosi 84,6 ming donani tashkil etib, avgust oyiga nisbatan 6,4% ga kamaygan.
Eng katta pasayish Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida qayd etildi.
Shu bilan birga, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida savdo hajmlarining o‘sishi kuzatildi.
Birlamchi avtomobil bozori
Sentabr oyida yangi yengil avtomobillar segmentida faollikning mavsumiy tushishi kuzatilib, savdo hajmi 15,2% ga kamayib, 31,9 ming donani tashkil etdi.
Ushbu segmentda mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar ustuvorlikni saqlab qoldi — ularning sotuvi 27,4 ming donani tashkil etib, avvvalgi oyga nisbatan 16,1% ga kamaydi.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 4,5 ming donani tashkil etib, avgust oyiga nisbatan 8,9% ga kamaydi.
Ikkillamchi avtomobil bozorida 52,6 ming dona mashina sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan oyga nisbatan atigi 0,1% ga kamdir.
Elektromobillar bozori
Sentabr oyida 7,8 ming dona elektromobil sotilib, bu avgust oyiga nisbatan 21,6% ga ko‘pdir va rekord darajadagi ko‘rsatkich hisoblanadi.
Joriy yilning uchinchi choragida sotilgan yengil elektromobillar soni 20,7 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 barobarga o‘sgan.
Eng yuqori o‘sish Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida kuzatildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102315 | Инструменты