Prezident yalpi ichki mahsulot hajmini 100 mlrd dollarga yetkazish, kambag‘allik darajasini kamida 2 baravarga qisqartirish bo‘yicha topshiriq berdi
Avval xabar qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda Prezident iqtisodiyot kompleksi rahbarlari va hokimlarga quyidagi ko‘rsatmalarni berdi:
- yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollarga, sanoat ishlab chiqarishni 1,4 barobarga oshirish, kambag‘allik darajasini kamida 2 baravarga qisqartirish;
- joriy yilda inflyatsiya darajasi 9 foizdan oshmasligi kerak;
- oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida joriy yilda 10 trillion so‘m miqdorida kreditlarning kafolatli berilishini ta’minlash;
- budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi;
- fermer va dehqonlar daromadlarini kamida 2 barobar oshirish va qishloq xo‘jaligida yillik o‘sishni kamida 5 foizga yetkazish.
- yaqin besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, jumladan, 70 milliard dollar xorijiy sarmoya jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollarga yetkazish.
Davlatimiz rahbari adolatli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, inson kapitalini rivojlantirish borasidagi vazifalarni ham e’lon qildi:
- maktab ta’limi sifatini oshirish, yaqin besh yilda maktablarda qo‘shimcha 1,2 million o‘rin yaratish va darsliklarni yangilash;
- barcha hududlarda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni 67 foizdan 80 foizga oshirish;
- nufuzli xalqaro reytinglarga kamida 10 ta universitet kiritilishini ta’minlash;
- DXSh asosida 100 ming o‘rinli yotoqxonalar qurish;
- dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun byudjetdan ajratiladigan mablag‘larni 3 barobar oshirish;
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sifatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, raqamli tibbiyotni keng joriy etish.
Shuningdek, Prezident ma’naviyat taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha quyidagi vazifalarni hal etish muhimligini ta’kidladi:
- kitobxonlikni ommalashtirish, 12 mingdan ortiq mavjud kutubxona fondlaridan samarali foydalanish;
- jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini 33 foizgacha oshirish;
- mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish.
Taraqqiyot strategiyasida mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini mustahkamlash, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish muhim vazifalardan yana biri hisoblanadi.
Bu borada Prezidentimiz topshiriq berdi:
- O‘zbekiston uchun yangi xavfsizlik konsepsiyasini qabul qilish;
- kiberhujumlarning oldini olishni takomillashtirish va kiberxavfsizlikni ta'minlash;
- Qurolli Kuchlarni boshqarish tizimini yangi bosqichga olib chiqish;
- favqulodda vaziyatlarni boshqarish tizimini takomillashtirish;
- ichki va tashqi moliyaviy oqimlarni monitoring qilish va ular bilan bog'liq risklarning oldini olish bo'yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21013 | Инструменты