O‘zbekiston oltin narxi oshishining budjet va dollar kursiga ta’sirini cheklashi kerak – XVJ

Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bilan o‘z xulosalarini e’lon qildi.

2025 yilning to‘qqiz oyida real YaIM 7,6 foizga oshgan, bu esa investitsiyalar hajmining yuqoriligi va uy xo‘jaliklari iste’molining o‘sishi bilan izohlanadi. Talab ortganiga qaramay, umumiy va bazaviy inflatsiya sur’atlari sekinlashgan va oktyabr oyi oxirida mos ravishda 7,8 foiz hamda 6,6 foizni tashkil etgan.

Inflatsiyaning sekinlashishiga sabab bo‘lgan omillar qatorida o‘tgan yili energiya resurslari uchun narxlarni oshirish ta’sirining pasayishi, real ayirboshlash kursining mustahkamlanishi va pul-kredit siyosatining cheklovchi xususiyati saqlanib qolinayotgani keltirib o‘tilgan.

«Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi yilning birinchi yarmida sezilarli darajada qisqardi. Bu oltin narxlarining yuqoriligi, oltinga bog‘liq bo‘lmagan eksportning faol o‘sishi va katta hajmdagi pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq. Oktyabr oxiriga kelib, xalqaro zaxiralar potensial importning 12 oylik darajasiga yetdi», deyiladi bayonotda.

XVJning qayd etishicha, inflatsiya yuqorilash xavfi budjetga rejalashtirilganidan oshiqroq tushayotgan daromadlar, xususan, oltindan olinadigan daromadlarni ko‘proq sarflash amaliyoti, shuningdek, direktiv va imtiyozli kreditlash dasturlarini kengaytirish bosimi bilan bog‘liq. Bu esa talab yuqori bo‘lgan sharoitda iqtisodiyotning “qizib ketishi”ga olib kelishi mumkin.

“Iqtisodiy faollikning kutilganidan yuqori o‘sishi va oltin narxining oshishi tufayli budjetga rejalashtirilganidan ko‘ra ko‘proq daromad tushishiga javoban davlat xarajatlarni oshirish bo‘yicha harakatlarni minimallashtirishi juda muhimdir”, — deyiladi XVJ bayonotida.

Xalqaro ekspertlar kelgusida rejalashtirilmagan qo‘shimcha daromadlar hisobidan xarajatlarni ko‘paytirish tashabbuslarini cheklashni tavsiya qilyapti. Bu inflyatsion bosimni pasaytirish, real ayirboshlash kursining ortiqcha mustahkamlanishining oldini olish va oltin narxlari tushgan taqdirda keskin tuzatishlarga ehtiyoj yuzaga kelib, makroiqtisodiy tebranishlarni kuchaytirish xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, budjet uchun bufer zaxiralarini to‘plash imkonini yaratadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112900 | Инструменты