Malayziya kompaniyasi O'zbekiston bilan kimyo sanoati va "yashil" energiya sohalarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda

O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning "Hextar Global" kompaniyasi qarorgohiga tashrif buyurdi va kompaniya rahbari Ervan bin Taxir bilan uchrashuv o'tkazdi

Muloqot davomida "Hextar Group" kompaniyalar guruhi va "Hextar Global" kompaniyasi bilan o'zaro hamkorlikni qilish masalalari muhokama qilindi.

Malayziya vakiliga O'zbekistonda investorlar uchun qulay biznes muhiti shakllanganligi, jumladan respublikada faoliyat ko'rsatayotgan erkin iqtisodiy zonalarda tadbirkorlar uchun bir qator soliq va bojxona to'lovlari hamda infratuzilmaga ulanish bo'yicha qator imtiyozlar berilayotgani, xorijiy investorlarga o'z biznes loyihasini qisqa muddatlarda ro'yxatdan o'tkazish uchun "yagona darcha" tizimi yaratilgani to'g'risida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, Malayziya tomoniga O'zbekistonning turli hududlarida kimyo sanoati sohasida istiqbolli investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish takliflari o'rganib chiqish uchun taqdim etildi.

Ervan Taxir, o'z navbatida, dunyoda globallashuv shiddat bilan ketayotgan bir sharoitda kompaniyaning boshqa mamlakatlarda qo'shma loyihalarni amalga oshirish orqali biznes ko'lamini yanada kengaytirish rejalari bilan o'rtoqlashdi. Kompaniya vakili O'zbekistonda davlat xususiy sherikchilik asosida loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish, jumladan gidroelektr va shamol elektr stansiyalari kabi qayta tiklanuvchi energiya hamda telekommunikatsiya sohalaridagi loyihalarga xususiy sherik sifatida sarmoya kiritish takliflarini ko'rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda "Hextar Group" kompaniyalar guruhi tomonidan "O'zkimyosanoat" AJ bilan kimyo sanoati hamda Energetika vazirligi bilan "yashil energiya" sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlarini o'rganib chiqish va kompaniya vakillarining O'zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishildi.

O'zbekiston elchisi, shuningdek, "Hextar Global" kompaniyasiga qarashli "Chempro Technology" korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

"Hextar Group" kompaniyalar guruhi 1985 yilda tashkil etilgan. Guruh xalqaro miqyosdagi konglomerat bo'lib, tarkibida kimyo, energetika, telekommunikatsiya sohalaridagi 8 ta yirik korxonani jamlagan. "Hextar Global" kompaniyasi ham "Hextar Group" kompaniyalar guruhi tarkibiga kiradi. Mazkur kompaniya keng turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 15 ta korxonani o'z ichiga oladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72405 | Инструменты