Huawei 1
“Kuchsizlar kuchi”: davlatlarga va fuqarolarga mafkura kerakmi?

Mutolaa hamma muammolarga yechim degani emas. Ya’ni, tafakkur faqat mutolaadan boshlanmaydi. Buning uchun insonning o‘zida jamiyatdagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmaslik, faollik, umumiy ahvolni o‘rganish, sog‘lom fikrlar bo‘lishi kerak. Mana shular insonni haqiqiy hayotga bog‘laydi ya’ni hayot, uyg‘oqlik  ham shu aslida. Tafakkur shundan boshlanadi. Inson qiziqishi, o‘zini qiynayotgan jamiyatdagi muammolardan kelib chiqibgina mutolaa uchun kerakli kitobni tanlaydi. To‘g‘ri tanlov undagi mavjud bazani sayqallashtirib, ma’lumotlar bilan boyitadi, fikrlar beradi, ma’nan kuchli qiladi, ojizlikdan olib chiqadi. Ojiz inson qo‘rqoq va kuchsiz bo‘ladi.

UzReport.news.uz nashri “Nega shu kitobni oʻqish kerak?” loyihasini boshladi. Loyiha doirasida muallif Nigora Hasanova jahon va oʻzbek adabiyotidan kitob tavsiya qiladi, uni oʻqish nima uchun muhimligi toʻgʻrisida fikr yuritadi. Maqolaning ushbu sonida jamiyatning elitar qatlamini tarbiyalaydigan kitob bilan tanishasiz. Nomi ham ajoyib : “Kuchsizlar kuchi”.

Fikrlar qarama- qarshiligini yuzaga keltiradigan bu nom bilan muallif nima demoqchi,  uning ostiga nima yashiringan? Nega kuchsiz deb sifatlab, ularning kuchi haqida so‘z ochyapti?

Kuchsizlarning kuchi nimada?  

Nigora Hasanovaning ta'kidlashicha, mutolaadan shuni anglash mumkinki, kuchsizlarning kuchi real hayotdan ajralmasligida, tabiiy jarayonlarda yashashida. Ammo, boshqa bir tomonidan kuchsizlar hal qiluv qarorlaridan uzib tashlangan bo‘ladi. Ularda  davlat bilan o‘zaro ko‘prik yo‘q. Shuning uchun hech bir jarayonga ta’sir o‘tkazolmaydi. Shuning uchun ularni kuchsizlar deymiz, ammo aslida juda kuchli... Deylik, u davlatning hal qiluv qarorlarida  ishtirok etolmasada, haq hayotda yashayapti, realikka davlatdan ko‘ra ancha yaqin. Ya’ni uning o‘zi ana shu real olamda mavjud. U avomning eng quyi qismidagi ob-havoni ham davlatdan yaxshi biladi. Mana shu uning kuchi. Agar hukumat tepasida shu kabi “kuchsiz” lar bo‘lsa bu  davlat aniq rivojlanadi. Chunki,muammoning ildizini bilgan odam, unga yechim ham topa oladi. Bu esa uning katta kuchi.  

Asar haqida 

Bu siyosiy-falsafiy kitob. Uni huquq, davlatchilik, siyosat, undagi o‘yinlar, hukumat a’zolari, elitar qatlam haqida tushunchaga ega bo‘lmagan inson  oxirigacha o‘qiy olmaydi. Sabri yetmaydi, arang 4 bet mutolaa qilib to‘xtatadi. Ammo sizga mutolaa qilishni tavsiya etamiz.

Avvalo shuni aytish lozimki, har bir inson o‘zi yashayotgan jamiyatning ijtimoiy psixologiya va ruhiyatidan xabardor bo‘lishi , undagi ijtimoiy-siyosiy voqeliklarda o‘z fikri, munosabati bilan bevosita ishtirok etishi juda muhim. Buning uchun jamiyatshunoslik haqidagi kitoblar, fikrlar va nazariyalarni bilishi shart. Chunki, sog‘lom va holis fikr o‘z o‘zidan tug‘ilmaydi  yoki  kimlardandir eshitilgan fikrlar bilan yuzaga kelmaydi . Sog‘lom fikrlar - jamiyatshunoslik, siyosatshunoslik degan katta fanlar orqali o‘rgatiladi. Aynan shu fanlar jamiyatni bilishga intilishni kuchaytira oladi.  Odamlardagi befarqlikka qarshi kurashadi. Aslida kuchli jamiyat qurish juda mashaqqat ekanini hisobga olsak, bu fanlar bizga suv va havodek zarur. Ular ongni o‘stirib, tafakkur qilishga majbur qiladi , befarqlik uyqusidan uyg‘otadi. “Kuchsizlar kuchi”  ana shu nazariyalar, kuchli mulohazalar, holis fikrlarni o‘zida jamlagan asar. U davlatchilikda muhim hisoblangan boshqaruv, elitar qatlamning tanlovlari, jamiyatning ruhi, ijtimoiy masalalar, umumiy kayfiyat, siyosiy ong haqida aniq tushunchalar beradi. Tarjimon Hamid Sodiqning kitobning kirish qismiga yozishicha, asarda insonlarni manipulyasiya qilish ustiga qurilgan barcha rejimlarning asl yuzi ochib tashlangan. Uning muallifi Vaslav Havel davlat arbobi, Chexiya respublikasining sobiq  prezidenti.

Har bir inson u shu mamlakatning fuqarosi bo‘ladimi, vaqtinchalik mehmonmi baribir o‘zi bilan davlat o‘rtasida nozik manipulyativ chegara mavjudligini unutmasligi lozim. U davlatning qonunlariga, qaroru, qoidalariga bo‘sunishga majbur. Muholifat bu - “Dissident” mi?

Asarda ana shu “dissident”lik haqida tushuncha keltirilgan, uning mohiyati ochib berilgan. Bir qarashda “dissident”larni muholifatchi taraf deysiz. Chunki, imkoniyatlari deyarli bir xil. Ular ham hukmron tuzum va mafkura qoidalariga zid keladi. Shuning uchun ham rasmiy hokimiyat tomonidan bosimga uchraydi. “Dissident”larning  nimanidir o‘zgartirish va yoki ta’sir o‘tkaza olmaslik darajasi muholifatchilar bilan deyarli teng. Avvalo  “Dissident” likni tushunishdan oldin diktatura atamasi, uning asl maqsadini ham anglab, farqlab olish lozim. Xullas, muallifning yozishicha, bu atama 2 xil xarakterga ega. Biri “an’anaviy”, yana biri “klassik”. Bir-biridan farqlash uchun ikkisini ham beqarorligi, an’anaviyligini e’tibordan  chetda qoldirmaslik kerak. Tabiiyki, byurokratiyaning uzoq yashashi diktatorning umri va siyosiy aktivligiga bog‘liq deydi muallif.

Ijtimoiy psixologiya

Xullas, bularning barchasi jamiyatning ruhi,  hatto ijtimoiy psixologiyaga ta’sir qilmasdan qolmaydi albatta. Umumiy kayfiyat har qanday davlat uchun juda muhim va hukumat  xalq bilan o‘zaro muloqotni ta’minlashni istaydi. Buni doim ishlatiladigan ibora, ya’ni “hukumat va xalq o‘rtasidagi o‘zaro ko‘prik” deyish mumkin. Agar ko‘prik soxta munosabatlarga qurilmasa, hal qiluvchi qarorlarda oddiy odamlarning ham fikri inobatga olinsa , bu aloqa tobora ishonchli xarakterga ega bo‘lib, mustahkamlanib boraveradi.  

Nozik manipulyativ chegaralar ham asta yo‘qqa chiqadi. Xalq  ana shu jonli, samimiy, adolatli va ishonchli muloqotni qadrlaydi. Eng qizig‘i faqat  davlat  manfaat ko‘radigan nozik masalalarda ham xalq umumiy fonda o‘sha mustahkam ko‘prikning ishonchliligi va xalqchil ekaniga ishonadi. Mafkuraviy maqsadlar qanday ekanligini xalqning umumiy hayotida, ayniqsa avomning quyi qismidagi turmush darajasi qanday ekanligida ko‘rinadi.

Ushbu kitob esa bu borada tarixdagi mafkuraviy maqsadlarini ochib bergan. Asarda g‘ayriinsoniy tuzumlarda o‘zlikni saqlab qolish, sof  hayotiy qadriyatlar asosida yashash shartlari , shuningdek posttotolitar tuzumlarda o‘zlikni asrash ko‘nikmalari ancha ta’sirli misollarda keltiriladi.

Asarda yozilishicha,  bugungi kunda ko‘zga ko‘ringan muqobil siyosiy modellarning hech biri,  hatto eng jozibalisi  ham  “yashirin sferani” rostmana  jonlantirishga , odamlar va jamiyatni olovlantirishga , shuningdek real siyosiy aktivlikni vujudga keltirishga sabab bo‘la olmaydi... Chunki, bularning jonlanishi uchun yuqorida aytganimizdek, avvalo har bir shaxs o‘zi yashayotgan jamiyatdagi real jarayonlarga befarq bo‘lmasligi kerak. Siyosil modellar hatto u muqobil bo‘lsa ham yolg‘iz o‘zi bunga erisha olmaydi. Olovlanish – bu, siyosiy aktivlik. Faol fuqaro - bu qarshi fikr egasi degan qarashdan qochish kerak. Elitar qatlam orasida faol bo‘lsa, buni tabiiy holat deb qaraymiz, agar o‘z fikri, qarashlariga ega fuqaro xalq ichidanchiqsa, uning fikrlari orasidan negativ qidiramiz yoki shunday qabul qilamiz. Bu ham bor gap. Tangada ham ikki tomon bo‘ladi. Rivojlanayotgan mamlakatda ham qarama qarshi fikrlar, g‘oyalar to‘qnashuvi kuzatiladi va bu tabiiy holat.

Bugungi kunda vaziyatning haqiqiy , chuqur va uzluksiz ijobiylik tomon o‘zgarishi u yoki bu an’anaviy siyosiy g‘oyalarga asoslana olmaydi va asoslantirilgan taqdirda ham, o‘zini oqlamaydi. Chunki, an’anaviy siyosatga ixtisoslashtirilgan tushunchalar yuzaki konsepsiyalardir. Bu o‘zgarishlar hech qachon va hech qayerda uchramagan ko‘rinishda –insonning o‘zidan , insoniyat hayoti va uning dunyodagi mavqeini tubdano‘zgartiradigan qadryatlardan unib chiqishi, o‘ziga , boshqalarga, qo‘yingki, atrofidagi barcha narsalarga  mustaqil munosabatidan irmoqlanishi kerak. Bugungi kunda yanada mukammal xo‘jalik  va siyosiy modelni yaratish  jamiyatdagi ekzistensional va ma’naviy o‘zgarishlardan kelib chiqishi kerak.

Agar hokimiyatni amalga oshirish butun davlat tuzilishi bo‘ylab vena tomirlaridan oqib o‘tadigan qon singari tarqaladigan bo‘lsa , unda huquqiy targ‘ibotni ushbu tomirlarning “qoplamasi” bilan taqqoslash mumkin, bu qoplamasiz hokimiyat qoni tizimli ravishda oqib chiqa olmay, tartib intizom qulagan bo‘lardi. Qonunga tinimsiz va cheksiz murojaat qilish –bu ulara murojaat qilayotganlar illyuziyaga tushib qolganligini yoki qonunni tushunmasligini anglatmaydi. Ular qonunlarning qanday funksiya bajarishini yaxshi bilishadi.

Nigora Hasanova

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga