Huawei 1
Turkiya harbiylari Suriya shimolida Kurdiston ishchi partiyasining 7 nafar jangchisini yo‘q qildi

Turkiya qurolli kuchlari 4-may kuni Suriya shimolida Kurdiston ishchi partiyasiga aloqador 7 nafar jangarini yo‘q qilgan. Bu haqda Anadolu nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, 7 nafar tashkilot aʼzosi maxsus operatsiya natijasida yo‘q qilingan. Aksilterror operatsiya quruqlik qo‘shinlari tomonidan amalga oshirilgan.

Turkiya Milliy mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, jangarilar Suriya shimolidagi “Tinchlik bulog‘i” va “Furot qalqoni” maxsus operatsiya zonalarida teraktlar uyushtirishni reja qilgan. Turk razvedkasi ularning harakati haqida oldindan maʼlumot to‘plashga erishgan.

Anadolu nashri halok bo‘lganlarning barchasi Kurdiston ishchi partiyasiga aloqador ekanini yozgan. Ammo bir qancha Yaqin Sharq nashrlari jangarilar Suriyadagi “Xalq mudofaa bo‘linmalari” guruhiga aloqador ekanligini bildirgan. Bu ikki tashkilot asosan etnik kurdlardan iborat bo‘lib, hamkorlikda ishlashi aytilgan.

Maʼlumot o‘rnida, Kurdiston ishchi partiyasi rasman Turkiya, AQSH hamda Yevropa Ittifoqida terrorchi tashkilot deb eʼlon qilingan. 40 yillik terror kampaniyasi davomida partiya 40 000 dan ortiq odam, jumladan, ayollar, bolalar va go‘daklar o‘limiga sababchi bo‘lgan. 2016-yilda Anqara hukumati Suriya shimolida terrorchilar koridorining shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik va aholining o‘z turar joylariga tinch yo‘l bilan qaytishini taʼminlash maqsadida chegara hududi bo‘ylab aksilterror operatsiyalarini boshladi. “Furot qalqoni” (2016), “Zaytun novdasi” (2018) va “Tinchlik bahor” (2019) operatsiyalari hozirga qadar davom ettirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga