Huawei 1
Turkiya dengiz yo'li orqali G‘azo sektoriga 5 ming tonnadan ortiq gumanitar yordam jo‘natdi

Turkiya hukumati 5-may kuni G‘azo sektoriga 5 ming tonnadan ortiq gumanitar yordam yuklari ortilgan kema jo‘natgan, deb xabar bermoqda Anadolu.

Manbada aytilishicha, 5 ming tonnadan ortiq yordam yuklari ortilgan kema “Yaxshilik kemasi” missiyasi doirasida yakshanba kuni G‘azo sektoriga jo‘nab ketgan. Gumanitar yordam oziq-ovqat, bolalar parvarishi uchun mahsulotlar hamda dori-darmonlardan iborat ekanligi aytilgan.

Turk Qizil yarim oy jamiyati ham turk hukumati rahbarligida Yaqin Sharqdagi gumanitar halokat zonasiga jami 5066 tonna yordam yuklari jo‘natilganini tasdiqlagan. Yuklar ortilgan kema Turkiya janubidagi Mersin shahridan jo‘nab ketgani xabar qilingan.

“Biz hozirgacha yuborilgan gumanitar yordam kemalari ichida eng yirik tonnali kemani jo‘natmoqdamiz. Turkiyaning yordam operatsiyasi g‘azoliklar o‘z uylariga to‘liq qaytguncha va tinchlik qaror topguncha davom etadi”, — degan Turkiya Qizil yarim oy jamiyati raisi o‘rinbosari Ramazon Saygili.

Kema Misrning Al-Arish porti tomon suzib ketgani aytilgan. Manzilga yetib borguncha, u ikki kun dengizda bo‘lishi xabar qilingan.

Falastin sog‘liqni saqlash idoralari maʼlumotlariga ko‘ra, 7-oktyabrdan beri G‘azoda 34 700 nafardan oshiq falastinlik halok bo‘lgan. Ularning aksariyati ayollar va bolalardir. 78 000 nafar fuqaro yaralangan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, G‘azodagi urush anklav aholisining 85 foizini oziq-ovqat, toza suv va dori-darmon blokadasi sharoitida ichki ko‘chishga majbur qilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga