Huawei 1
Tramp: Ukrainada urushni tugatish uchun yaxshi imkoniyat bor

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «yaxshi va samarali» muzokaralar haqida gapirib, Ukrainadagi urush tugashiga umid bildirdi. «Ushbu dahshatli, qonli urush nihoyat tugashi uchun juda yaxshi imkoniyat bor – lekin aynan shu daqiqada minglab ukrainalik qo‘shinlar Rossiya qo‘shinlari tomonidan to‘liq qurshab olingan va juda yomon va himoyasiz holatda», — deb yozdi Tramp 14 mart, juma kuni Truth Social sahifasida.

Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, u «shoshilinch ravishda Putindan ukrainalik askarlarning «jonini saqlab qolishni» so‘ragan. «Bu dahshatli qirg‘in bo‘lardi, bunga o‘xshashi Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan. Yaratgan ularning barchasini o‘z panohida asrasin», — deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Xabarda AQSh prezidentining rossiyalik hamkasbi bilan o‘zi gaplashgani yoki gap Putin va Trampning 13 mart kuni Moskvaga kelgan hamda Rossiya prezidenti bilan uchrashgan Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasidagi muzokaralar haqida ekani aniq emas.

AQSh Rossiya bank sektori va neftiga qarshi sanksiyalarni kuchaytiradi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainadagi urush tufayli bank va neft-gaz sohalarida Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish muddatini uzaytirmoqchi emas. Shu tariqa, Moskvaga nisbatan sanksiyalar rejimi haqiqatda ham kuchaytiriladi, deb xabar berdi CBS 13 mart kuni Tramp ma’muriyatining rejalari bilan tanish bo‘lgan to‘rt manbaga tayanib.

Ma’lumot shuni ko‘rsatadiki, AQSh Moliya vazirligi 2025 yil yanvar oyida Bayden ma’muriyati tomonidan sanksiyalangan Rossiya banklari ishtirokidagi ba’zi energetika operatsiyalarini davom ettirishga imkon bergan 60 kunlik voz kechish muddatini uzaytirmagan. Xususan, Vneshekonombank, «Otkrytiye» banki, Sovkombank, Sberbank, VTB banki, Alfa-Bank, Rossiya Markaziy banki va boshqalarga cheklovlar qo‘yildi. Ularning barchasi energetika tranzaksiyalarini amalga oshirish uchun Amerika to‘lov tizimlaridan foydalanishi bloklanadi.

Fox News telekanalining Oq uydagi muxbiri Edvard Lourens o‘zining X akkauntida manbaga tayanib, yangi cheklov choralari tufayli Yevropaning hech bir davlati Rossiyadan AQSh sanksiyalari ostida qolish xavfisiz neft sotib ololmasligini yozdi. «Bu harakatdan xabardor manbaning aytishicha, ma’muriyat Ukrainadagi janglarni to‘xtatish va urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar olib borishga e’tibor qaratgan. Qo‘shma Shtatlar bu maqsadga erishish uchun asosiy dastak bo‘lib qoladigan sanksiyalardan foydalanishda davom etadi», — deya tushuntirdi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50912 | Инструменты