Shvetsiya Ukrainaga yangi yirik harbiy yordam paketini yuboradi

Ukrainadagi butun urush davomida Stokholmdan Kiyevga yetkaziladigan bu eng katta yordam paketi 630 million yevrodan oshiqroqqa baholanmoqda.

Shvetsiya Ukrainaga qariyb 7,1 milliard shved kronasi (taxminan 633 million yevro) miqdorida harbiy yordam beradi, deb xabar berdi Shvetsiya Mudofaa vazirligi 20 fevral, seshanba kuni. Qayd etilishicha, bu Stokholmdan Kiyevga yuboriladigan 15-harbiy yordam paketi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davridagi eng yirik harbiy yordam bo‘ladi.

Rejalashtirilgan yetkazib berishlar orasida taxminan 2 milliard krona (178 million yevro) qiymatidagi artilleriya o‘q-dorilari, zenit-artilleriya va miltiqlar mavjud. Bundan tashqari, paketga dengizdagi desant va hujumkor-desant katerlari, shuningdek, boshqa qurol va tibbiy jihozlar kiradi. Yana 1 milliard krona Ukrainaning xalqaro fondlari orqali 10 ga yaqin yangi zirhli jangovar mashinalarni sotib olish uchun mo‘ljallangan.

Shvetsiya mudofaa vaziri Pol Jonson: "Biz Ukrainani zaruratga qadar qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz", dedi.

Rossiya Ukrainaga yordamning kechikishidan foydalanmoqda - Zelenskiy

19-fevral, dushanba kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlarining Xarkiv viloyati Kupyansk yo‘nalishidagi pozitsiyalariga tashrif buyurganidan so‘ng, Rossiya armiyasi qurolli kuchlarga yordam ko‘rsatishdagi kechikishlardan foydalanayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ko‘p sonli rezervchilarni frontga tortmoqda va shu bilan bir qancha sektorlarda "juda og‘ir vaziyat" yaratmoqda. Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Kiyev "qo‘llab-quvvatlashni yangilash va kengaytirish uchun" hamkorlar bilan qattiq ishlamoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты