Huawei 1
Isroil zaxiradagi 10 mingdan ortiq harbiyni G‘azoga yuboradi

Isroil G‘azo sektorida harbiy harakatlarni kuchaytirish uchun o‘n minglab zaxiradagi harbiylarini jalb qilmoqda. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.

Yahudiy davlati 4-may kuni garovga olinganlarni ozod qilish va HAMAS jangchilarini yo‘q qilish uchun bosimni kuchaytirishini e’lon qildi. Bu HAMASning yer osti va yer ustidagi infratuzilmasini butunlay yo‘q qilish maqsadida yangi hududlarda jangovar harakat olib borishni nazarda tutadi.

Shu tariqa Isroil harbiylari HAMASga qarshi hujumni bosqichma-bosqich kengaytiradi. Isroil harbiy rahbariyati bu garovdagilarni yo‘qotishga olib kelishini aytmoqda.

Xavfsizlik kabineti G‘azodagi harbiy operatsiyani kengaytirish rejasini bir ovozdan ma’qullagan. Rejaga ko‘ra, G‘azoni “zabt etish” va hududni nazoratda saqlash ko‘zda tutilgan, dedi isroillik anonim rasmiy.

Rejani amalga oshirish AQSH prezidenti Donald Trampning kelasi hafta mintaqaga tashrifidan keyin boshlanishi kutilmoqda. Bungacha HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish harakatlari davom etadi.

To‘liq yer usti operatsiyasi boshlansa, biz garovdagilargacha yetib borishimiz kafolatlanmagan. Buni yodda tutinglar: ularni yo‘qotishimiz mumkin, degan Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari Eyel Zamir.

General urushning ikkita asosiy maqsadi — HAMASni yo‘q qilish va garovdagilarni qutqarish — bir-biriga zid bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Xavfsizlik kabineti, shuningdek, G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini yetkazib berishni qayta tiklashga ham rozilik bergan. Biroq yordamni taqsimlash tizimi o‘zgartiriladi. Endilikda xalqaro tashkilotlar va xususiy xavfsizlik kompaniyalari oziq-ovqat mahsulotlarini G‘azodagi oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarqatadi, ommaviy saqlash va bo‘lishdan voz kechiladi.

Isroil bu o‘zgarishlar yordamning HAMAS tomonidan tortib olinishi xavfini kamaytiradi, deb umid qilmoqda. Isroil armiyasi yordam tarqatishda bevosita qatnashmaydi. Ammo harbiylar xalqaro tashkilotlar va xususiy pudratchilarga tashqi xavfsizlikni ta’minlashi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50523 | Инструменты