Ispaniya Ichki ishlar vazirligi blekaut fonida mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi, deyiladi idoraning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida.
Xabar yozilayotgan vaqtda yarim orolda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning 92 foizdan ortig‘i tiklangan, elektr uzatish tarmog‘i podstansiyalarining 100 foizi quvvat ostida. Vaziyat haqida milliy elektr tarmoqlarini boshqaradigan Red Electrica kompaniyasi ham izoh berdi. Bayonot X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan.
Elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli Ispaniya aeroportlari zaxira elektr ta’minoti tizimlari faollashtirilgani sababli dushanba kuni davomida o‘z faoliyatini davom ettirdi. Biroq, elektr ta’minotidagi uzilishlar qator reyslarning bekor qilinishi va kechikishiga olib keldi.
Shuningdek, 28 aprel kuni Ispaniyada shaharlararo va o‘rta masofaga qatnovchi poyezdlar harakati to‘xtatilgan. Bu haqda transport vaziri Oskar Puente ma’lum qildi.
Ispaniya Milliy politsiyasi ham fuqarolarga murojaat qilib, ularni blekaut sababli firibgarlik holatlari kuzatilayotgani haqida ogohlantirdi.
«Bunday paytlarda firibgarlik holatlaridan ehtiyot bo‘ling. Agar sizga bankdagi hisob raqamingiz evaziga elektr ta’minotini tiklash taklifi bilan qo‘ng‘iroq qilishsa — ehtiyot bo‘ling. Faqat rasmiy manbalarga ishoning, shubhangiz bo‘lsa, ma’lumotni tekshiring», — deyiladi politsiya bayonotida.
Sky News ma’lumotlariga ko‘ra, voqea millionlab odamlarni tartibsizlikka solgan, internet va mobil telefon aloqasi uzilgan, svetofor va bankomatlar ishlamay qolgan, shifoxonalar ba’zi operatsiyalar to‘xtatib qo‘yilgan.
Bir kun avval Ispaniya va Portugaliyada elektr va telefon aloqalarida katta uzilishlar yuz berdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Pireney yarim orolidagi elektr ta’minotidagi uzilishga Ispaniyadagi «kamdan-kam uchraydigan atmosfera hodisasi» sabab bo‘lgan. Bu haqda Redes Energéticas Nacionais Portugaliya elektr tarmoqlari operatori bayonot berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51000 | Инструменты