6 iyun kuni Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo-Hindiston» muloqotining 4-yig‘ilishi yakuniy bayonotiga ko‘ra, Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari keng qamrovli va mustahkam sheriklik va yana-da chuqur aloqa o‘rnatishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Uchrashuvda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi.
Tomonlar, xususan:
- Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi moliyaviy aloqalarni, jumladan raqamli to‘lov tizimlari, banklararo aloqalarni yaxshilash va milliy valyutalarda savdoni kuchaytirish;
- noyob yer va muhim foydali qazilmalarni birgalikda izlash. 2024 yil sentyabr oyida Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan «Hindiston-Markaziy Osiyo» foydali qazilmalar bo‘yicha birinchi forumi natijalarini yuqori baholab, tomonlar eng qisqa vaqt ichida ikkinchi uchrashuvni o‘tkazishga kelishib oldilar;
- Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqani kuchaytirish uchun “Shimol-Janub” xalqaro transport yo‘lagidan (INSTC) foydalanishni kengaytirish. Hindiston Markaziy Osiyo davlatlarining savdo-sotiq munosabatlarini yengillashtirish uchun Chabahor portidagi Shahid Beheshti terminalidan foydalanishdan manfaatdorligini maʼqullaydi;
- Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari idoralari, ilmiy-tadqiqot institutlari, innovatsion markazlari va texnologiya korxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro aloqalarini kuchaytirish orqali fan va texnologiya, kosmik va innovatsiyalar sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash;
- Hindiston-Markaziy Osiyo raqamli hamkorlik forumini tashkil etish. Hindiston Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqamli davlat infratuzilmasini (DPI) rivojlantirishda yordam berishga kelishib oldi. Tomonlar jamoat salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va energiya xavfsizligi kabi sohalarda innovatsion yechimlardan foydalanish uchun birgalikda ishlashga kelishib oldilar;
– sog‘liqni saqlash sohasida, jumladan, tibbiy turizm sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish. Hindistonning «Yagona Yer, yagona salomatlik» g‘oyasiga muvofiq, sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaxshilash va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va Markaziy Osiyo mamlakatlarida anʼanaviy tibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar;
- xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yana-da kengaytirish maqsadida madaniy-maʼrifiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish. Vazirlar Tojikiston tomonidan Hindiston va Markaziy Osiyo madaniyat vazirlarining ikkinchi uchrashuviga mezbonlik qilish taklifini olqishladilar;
- Xalqlar o‘rtasida mustahkam aloqalarni o‘rnatish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlaridan yoshlar delegatsiyalarining Hindistonga tashrifini osonlashtirish. Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlaridan bir-birining oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni ko‘pligini qayd etib, vazirlar ularning farovonligini taʼminlash muhimligini taʼkidladilar;
- Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlarining milliy xavfsizlik idoralari o‘rtasida mintaqada terrorizm va boshqa muammolarga qarshi kurashish bo‘yicha saʼy-harakatlarni kuchaytirish maqsadida muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish. Tashqi ishlar vazirlari 22 aprel kuni Pahalgam shahrida sodir etilgan teraktni so‘zsiz qoraladilar va terrorizmning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashga qatʼiy sodiqligini yana bir bor taʼkidlab, BMT Xalqaro terrorizm to‘g‘risidagi keng qamrovli konvensiyasini tezroq qabul qilishga chaqirdilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60804 | Инструменты