AQSh eng qat’iy talablaridan voz kechganidan so‘ng, Ukraina u bilan foydali qazilmalari bo‘yicha shartnoma tafsilotlarini kelishib oldi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Ukraina resurslaridan olinishi mumkin bo‘lgan 500 milliard dollarlik daromaddan voz kechgan. Biroq, kelishuvda Kiyev shartnomaga rozilik berish evaziga talab qilgan AQSh xavfsizlik kafolatlari haqida gap ketmagan.
Kiyev endi o‘z mineral resurslarini, jumladan, neft va gazni birgalikda qazib olish bo‘yicha kelishuvni imzolashga tayyor, deyiladi xabarda.
Financial Times tanishib chiqqan 2025-yil 24-fevraldagi hujjatga ko‘ra, kelishuvda quyidagilar aks etgan:
Kelishuvga allaqachon Ukraina hukumati budjetini to‘ldirayotgan mineral resurslar kirmaydi, ya’ni u Ukrainadagi eng yirik gaz va neft ishlab chiqaruvchilari bo‘lgan “Naftogaz” yoki “Ukrnaft”ning joriy faoliyatini qamrab olmaydi.
Ukraina rasmiylarining aytishicha, kelishuv adliya, iqtisodiyot va tashqi ishlar vazirlari tomonidan ma’qullangan. Shuningdek, prezident Vladimir Zelenskiy yaqin haftalarda Tramp bilan hujjat imzolash marosimi uchun Oq uyga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Avvalgi kelishuv shartlari
Dastlabki hujjatda AQSh “100 foizlik moliyaviy manfaatini saqlab qoladigan” rekonstruksiya investitsiya fondini tashkil etish rejalashtirilgan edi. Tramp ma’muriyati taklif qilgan rejaga ko‘ra, Ukraina foydali qazilmalar, jumladan neft va gaz qazib olishdan hamda ular bilan bog‘liq infratuzilmadan olinadigan daromadning 50 foizini, eng ko‘pi bilan 500 milliard dollar miqdorida fondga kiritishi kerak edi. Kiyevda bu shartlar qabul qilib bo‘lmaydigan deb baholandi va ular bitimning yakuniy loyihasidan chiqarib tashlandi.
Jamg‘armaning Ukrainaga sarmoya kiritish bo‘yicha mandati Kiyev intilayotgan yana bir o‘zgarishdir. Yakuniy hujjatda AQSh kelajakda Ukrainaning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashi aytilgan.
Ukraina rasmiylarining qo‘shimcha qilishicha, kelishuv shunchaki “doiraviy kelishuv” bo‘lgan va jamg‘arma tashkil etilmaguncha hech qanday daromad qo‘ldan qo‘lga o‘tmaydi. Bu ehtimoliy kelishmovchiliklarni hal qilish uchun vaqt beradi. Hal qilinmagan masalalar orasida bitim yurisdiksiyasini muvofiqlashtirish masalasi ham bor.
Avvalroq Vladimir Putin AQShga Rossiyada nodir metallarni qazib olishni taklif qilgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62112 | Инструменты