Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Mariano Grossi Suriya muvaqqat hukumati agentlikka mamlakatdagi “shubhali” yadroviy obyektlarni tekshirishga ruxsat berganini aytdi. Bu haqda u Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharʼa va boshqa yuqori amaldorlar bilan Damashqda uchrashgandan so‘ng Associated Press agentligiga maʼlum qildi.
«Agentlik sifatida biz o‘tmishda yadroviy dastur bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim faoliyatlar bo‘yicha to‘liq oydinlik kiritishga intilamiz», dedi Grossi.
Uning taʼkidlashicha, mamlakatdagi yadroviy obyektlardan radiatsiya sizib chiqishiga «hech qanday ishora» yo‘q. Biroq kuzatuvchilar boyitilgan uran qayerdadir saqlanishi va kelajakda qayta ishlatilishi, kontrabanda qilinishi yoki sotilishi ehtimolidan xavotirda, dedi AEXA rahbari.
Grossi Suriyaning yangi maʼmuriyati «dunyoga ochiqlik va xalqaro hamkorlik» masalalarida qatʼiy pozitsiyani egallab turganini taʼkidlab, tekshiruv jarayoni bir necha oy ichida yakunlanishiga umid bildirdi.
Suriya hukumati AEXAga o‘zining sobiq yadroviy inshootlariga zudlik bilan kirishni taʼminlashga rozi bo‘ldi, dedi u.
«Prezident Sharʼa agentlik bilan hamkorlik qilishda juda konstruktiv yondashuvni namoyish etdi va zarur ish olib borilishini taʼminlashga tayyorligini bildirdi», — deya qo‘shimcha qildi AEXA rahbari.
«Prezident menga, shuningdek, kelajakda atom energiyasidan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishni xohlashini aytdi», dedi Grossi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71412 | Инструменты