Huawei 2
Telegram 15 ta yangilangan funksiyani taqdim etdi

Bu oy Telegram 15 ta yangi funksiya, jumladan, tavsiya etilgan kanallar, oʻz profilingizni koʻrish usuli va sahifangizda kanalingiz va tugʻilgan kuningizni aks ettirish, guruh adminlari uchun yaxshilangan moderatsiya vositalari va boshqalarni qoʻshdi.

Tavsiya etilgan kanallar

Qidiruv interfeysi siz kuzatadigan kanallarni koʻrsatadigan yangi “Kanallar” sahifasiga ega boʻldi. Sahifada yangi kontent ijodkorlarini topishingiz mumkin boʻlgan oʻxshash mavzular bilan tavsiya etilgan kanallar roʻyxati ham mavjud.

Kanaldan postlarni koʻrganda roʻyxatda keyingi oʻqilmagan kanalga oʻtish uchun yuqoriga tortishingiz mumkin. Barcha kanallarni koʻrib chiqqandan keyin tavsiya etilgan kanallarni kezish uchun varaqlashda davom etishingiz mumkin.

Kanal tavsiyalari faqat siz obuna boʻlgan kanallar umumiy mavzusiga asoslanadi. Shuning uchun muayyan sabzavot yoki mevalar turlarining har qanday ustunligi butunlay sizga bogʻliq.

Profilim

Sozlamalaringiz endi profilingizni boshqalarga koʻringanidek koʻrish va har qanday axborotni tezda tahrirlash yoki oʻzgartirish imkonini beradigan “Profilim” boʻlimiga ega.

Endi yutuqlaringizni namoyish qilish yoki siz liftda uchratgan kostyum kiygan mushukni oʻtkazib yubormasliklarini taʼminlash uchun profilingiz yuqorisiga 3 tagacha hikoyani qadashingiz mumkin.

Biz endi joylagan hikoyalaringiz maxfiylik sozlamalarini koʻrsatadigan kichik belgilar ham qoʻshdik. Bu bilan ularga oʻzgarishlar kiritish kerak boʻlsa, tezda koʻrishingiz mumkin.

Tugʻilgan kunlar

Istalgan kishi profiliga tugʻilgan kunini qoʻshishni tanlashi mumkin. Bu barcha kontaktlariga qachon sovgʻa berish kerakligini bilish imkonini beradi. Tugʻilgan kuningizda profilingizga kiradigan istalgan kishi animatsiyali konfetti va koʻplab sharlar bilan kutib olinadi.

Kimningdir tugʻilgan kuni boʻlganida chatlaringiz roʻyxatida banner chiqadi. Shunda ularni tabriklashni unutmaysiz. Agar unga sovgʻa olishni unutgan boʻlsangiz, tashvishlanmang, tezda Telegram Premium yuborish uchun bannerni bosishingiz mumkin.

Birlamchi sozlamalarda tugʻilgan kuningiz faqat kontaktlaringizga koʻrinadi. Profilingizdagi boshqa axborotlar kabi tugʻilgan kunlar Sozlamalar > Maxfiylik va xavfsizlik > Tugʻilgan sana rukni orqali boshqarishingiz mumkin boʻlgan maxfiylik sozlamalariga ega.

Profilingizdagi kanallar

Agar biror kanal egasi boʻlsangiz, endi uni profilingizga qoʻshishingiz mumkin. Bu holatda tarjimayi holingiz yuqorisida kanaldan oxirgi xabarga razm solish oynasi aks etadi. Shunda profilingizga kiruvchilar bitta bosish bilan shaxsiy loyiha, onlayn portfolio yoki kompaniya blogingizga oʻtishi mumkin.

Joylashuvni muddatsiz ulashish

Do‘stlar bilan uchrashganda yoki sayohatga chiqqanda jonli joylashuvni alohida foydalanuvchilar yoki butun guruh chatlariga ulashish mumkin.

Bu boshqalarga sayohatni kuzatish yoki hatto yetib kelganda bildirishnoma yuborish imkonini beradi.

Endi mavjud ulashilgan joylashuvga ko‘proq vaqt qo‘shish mumkin. Agar foydalanuvchi do‘stlari va oiladagilari harakatlarni uzoq muddat kuzatishini xohlasa, joylashuvni muddatsiz uni faolsizlantirguniga qadar ulashish uchun yangi imkoniyat qo‘shildi.

Joylashuvingizni ulashishni boshlash uchun shaxsiy chat yoki guruhda biriktirmalar menyusini oching va Joylashuv > Jonli joylashuvimni ulashish bandini tanlash kerak.

Reaksiya bildirishnomasi sozlamalari

Xabarlarga reaksiyalar uchun bildirishnomalarni boshqarish imkonini beradigan yangi sozlamalar qo‘shildi. Bu yangilanish hikoyalarga reaksiyalar haqidagi bildirishnomalarni ham taqdim etadi.

Yangi sozlamalarga Sozlamalar > Bildirishnomalar va tovushlar > Reaksiyalar rukni orqali kirish mumkin.

Uzatilgan xabarlarda profil rasmlari

Uzatilgan xabarlar endi ularning muallifi profil rasmini ko‘rsatadi. Bu o‘zgarish yordamida ushbu xabar kimdan uzatilganini tushunish osonlashadi va bir nechta muallifli uzatilgan suhbatlarni o‘qishni qulaylashadi.

Agar xabar uzatilganda u orqali hisobga o‘tishi mumkin bo‘lganlar doirasini cheklasa, profil rasmi uzatilgan xabarlarda ko‘rinmaydi.

So‘rovnomalarda animatsiyali emoji

“Premium” foydalanuvchilar endi so‘rovnomalarda animatsiyali va maxsus emoji qo‘shishi mumkin. Nihoyat, ovoz berish orqali animatsiyali o‘rdaklar yoki statik mushuklardan qaysi biri yaxshiroqligini hal qilish mumkin.

Guruhlar uchun yalpi moderatsiya

Guruh adminlari samaradorlikni oshirish uchun endi bir nechta xabarni tanlashi hamda har bir foydalanuvchi uchun alohida sozlama va amalga ega yangi menyuda bir vaqtda bir nechta moderatsiya amalini bajarishi mumkin.

Yangi menyu guruhda to‘liq bloklash o‘rniga foydalanuvchilar huquqlarini cheklash imkonini beradi.

200+ a’zoli guruhlar adminlari chatlarida muammoli foydalanuvchini avtomatik aniqlash va cheklash uchun spamga qarshi kuchaytirilgan himoyani yoqishi ham mumkin.

Kanallar uchun reaksiyalar boshqaruvi

Kanal adminlari endi reaksiyalarini boshqarishning qo‘shimcha usuli — ixchamroq ko‘rinishi uchun har bir postga bildirilishi mumkin bo‘lgan maksimal reaksiyalar sonini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bu kanalda nafaqat vizual shovqinning oldini olish, balki mavjud reaksiyalar sonini tez-tez o‘zgartirish (masalan, bayramga mavzuga oid emojilarni qo‘shish) imkonini beradi.

Hikoyalarni anonim ochish (Premium)

Hikoyalarni ko‘rayotganda “Premium” foydalanuvchilar oxirgi ko‘rishlarini berkitish va berkitishda davom etish uchun ko‘rinmaslik rejimini yoqishi mumkin.

Endi ko‘rinmaslik rejimini chatlar ro‘yxatidan ham faollashtirish mumkin va shunchaki tasmada hikoyani bosib turish va Anonim ko‘rish bandini tanlash kerak.

Bunda hikoya sizni hatto bir soniya ham ko‘rganlar ro‘yxatiga qo‘shmasdan ochiladi va ko‘rinmaslik rejimi ham yoqiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga