Huawei 1
O'zbekiston va Janubiy Koreya jinoyatchilikka qarshi kurashishda sun'iy intellekt va axborot texnologiyalaridan foydalanish bo'yicha hamkorlikni mustahkamlamoqda

O'zbekiston elchixonasida Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi hamda Kyongbuk Milliy universiteti mas'ul xodimlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Unda O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi bilan jinoyatchilikka qarshi kurashda sun'iy intellekt va axborot texnologiyalaridan foydalanish sohasida o'zaro hamkorlikni kengaytirish va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

O'zbekiston va Janubiy Koreya huquq-tartibot idoralari o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda barqaror va ijobiy dinamika alohida ta'kidlandi. Qayd etilganidek, ikki davlat mutaxassislari o'rtasida videokonferensiya va uchrashuvlar muntazam tashkil etilyapti. Janubiy Koreya tomoni O'zbekiston huquq-tartibot idoralari mutaxassislari uchun kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini ta'minlashda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish masalalariga bag'ishlangan seminar hamda mahorat darslarini o'tkazib kelmoqda.

Uchrashuvda keng ko'lamli yo'nalishlarda o'zaro hamkorlik va tajriba almashishni yanada faollashtirish istiqbollari xususida fikr almashildi. Janubiy Koreyaning sun'iy intellekt va axborotdan foydalanish bo'yicha tajribasini chuqur va batafsil o'rganish, jinoyatchilikka qarshi kurashda texnologiyalar, shuningdek, ushbu sohadagi hamkorlikning keyingi istiqbollarini muhokama qilish maqsadida joriy yilning mart oyi O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasining ushbu mamlakatga tashrifini tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, Koreya Respublikasi tomoni O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi mutaxassislarini Janubiy Koreyada sun'iy intellekt va IT- sohalarida tayyorlash masalasida ham hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Bu boradagi hamkorlik bo'yicha rejalashtirilgan ishlarni sifatli amalga oshirishni ta'minlash maqsadida ikki davlat huquqni muhofaza qilish organlarining ta'lim muassasalari o'rtasida axborot texnologiyalari sohasida Hamkorlik memorandumi tuzish masalasini o'rganish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72719 | Инструменты