O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi Parij-2024 Olimpiadasida ishtirok etish uchun 4 ta litsenziyani qo‘lga kiritdi

2023-yil 17-oktyabrda “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun UCIning shosse bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari oldi reyting yili o‘z nihoyasiga yetdi.

O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi Parij-2024 Olimpiadasida ishtirok etish uchun 4 ta lisenziyani qo‘lga kiritdi. Shulardan ayollar terma jamoasi 3 ta litsenziyani, 2 tasini guruh poygalarida va 1 tasini yakka poyga (TT) bo‘yicha qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, erkaklar terma jamoasi shosseda guruh poygalarida 1 ta litsenziyaga musharraf bo‘lishdi.

"Bugungi g‘alaba va muvaffaqiyatlarimizning natijasi, eng avvalo, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning diqqat-e’tibori, qo‘llab-quvvatlashlari samarasidir. Ikkinchidan, federatsiya rahbari Tanzilya Narbayevaning matonati, fidoyiligi, halol va fidokorona mehnati, qolaversa, Federatsiya ma’muriyati va yordamchi xodimlar, murabbiylar, sportchilarning mehnatsevarligi va nihoyat barchamizning o‘z faoliyatimizga mehr qo‘yishimizdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy Lyudmila Markelova.

Darhaqiqat, mutaxassislar va ekspertlarning fikriga ko‘ra, velossport juda katta moliyaviy xarajatlarni, professional boshqaruvni tashkillashtirishni, zamonaviy texnik jihozlashni, sportchilarni tayyorlashda zamonaviy ilmiy va uslubiy ta’minlanishni talab qiladigan murakkab va texnik jamoaviy sport turi hisoblanadi.

Velosiped sporti federatsiyasi sport direktori Vyacheslav Rahimovning ma’lum qilishicha, 2023-yilgi mavsum boshidan joriy yilning 17-oktyabriga qadar shosse bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi  UCIning 51 ta xalqaro Olimpiya reyting poygalarida qatnashdi. 

Natijalarga ko‘ra, sportchilarimiz 11 ta oltin, 19 ta kumush va 8 ta bronza medallarga sazavor bo‘lishdi. Shu bilan birga, erkaklar terma jamoasi 1206,98 UCI Olimpiada reyting ochkosini qo‘lga kiritdi va 128 davlat orasidan dunyo reytingida 33 o‘rinni egalladi. Natijada, guruh poygasida 1 ta Olimpiya litsenziyasi qo‘lga kiritdi.Shosse bo‘yicha ayollar terma jamoasi 1871,14 UCI olimpiya reyting ochkolarini qo‘lga kiritishdi va dunyoning 105 mamlakati orasida 17 o‘rinni egalladi. Ushbu natijalarga ko‘ra 3 ta Olimpiya litsenziyalarining 2 tasi guruh poygalarida va 1 tasi yakka tartibdagi poygalarda (ITT) qo‘lga kiritildi.Shuni ta’kidlash kerakki, ayollar terma jamoamizning reyting pozisiyasi jahon tasnifidagi eng nufuzli “World Tour” - “Le Tour de France”  poygasida qatnashish huquqini beradi.  

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты