Akademik eshkak eshish bo'yicha O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi Osiyo chempionatini 4 ta medal bilan yakunladi

11-14 oktyabr kunlari Singapurda bo'lib o'tgan o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida Akademik eshkak eshish bo'yicha O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi 3 ta oltin va 1 ta bronza medaliga sazovor bo'ldi.

E'tiborga molik jihati, bu safargi qit'a chempionati kelasi yili Argentinada bo'lib o'tadigan III o'smirlar Olimpiya o'yinlariga saralash bosqichi vazifasini ham o'tab berdi. Osiyo chempionati yakuniga ko'ra hamyurtimiz Kamila Maqsudova yakkalik ekipajida musobaqani kuchli to'rtlikda yakunlab, o'smirlar Olimpiya o'yinlariga litsenziyani qo'lga kiritdi.

Singapurdagi musobaqaning so'nggi kunida barcha yo'nalishlarda final bahslari bo'lib o'tdi. O'zbekiston terma jamoasi unda muvaffaqiyatli ishtirok etib medallar shodasiga ega chiqdi. Alisher Turdiyev, Sardor To'lqinxo'jayev, Elyor Raupov va Shahzod Nurmatovlardan iborat birinchi to'rtlik start avvalidanoq peshqadamlikni o'z qo'liga oldi va 2000 metr masofaga marraga birinchi bo'lib yetib kelib, oltin medallarga sazovor bo'ldi.

Keyinroq o'smirlar o'rtasida yakkalik ekipaj bahslarida poygalar tashkil etildi. Unda ishtirok etgan hamyurtimiz Jasur Mavlonov marra chizig'ini uchinchi bo'lib kesib o'tdi va bronza medaliga loyiq ko'rildi. Shuningdek, ikki kishilik ekipaj bahslarida Alisher Turdiyev va Sardor To'lqinxo'jayevlardan iborat juftligimiz barcha raqiblarini ortda qoldirib oltin medalga sazovor bo'lishdi.  

Va nixoyat, terma jamoamizga uchinchi “oltin”ni Yevgeniy Agafonov, Davrjon Davronov, Abduaziz Rahimjonov va Jasur Mavlonovdan iborat to'rtlik ekipaji keltirdi. Yakunda O'zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatini 3 ta oltin va 1 ta bronza medali bilan yakunladi.

Ma'lumot uchun, shu yilning 2-6 avgust kunlari Latviyada bo'lib o'tgan o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatida Alisher Turdiyev va Sardor Tulkinxo'jayevlardan iborat juftlik ekipaji 2018 yili Argentina mezbonlik qiladigan III o'smirlar Olimpiya o'yinlariga litsenziyani qo'lga kiritgandi. Bu safar endi Kamila Maqsudova nufuzli musobaqa yo'llanmasiga ega bo'ldi.

Ana shu tariqa Akademik eshkak eshish bo'yicha terma jamoamiz mamlakatimiz uchun o'smirlar Olimpiya o'yinlariga ajratilgan maksimal 2 ta yo'llanmani qo'lga kiritib bo'ldi.

Manzil: O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi matbuot xizmati

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81718 | Инструменты