O‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarni mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida mediasavodxonlikni oshirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida bir qancha elektron platformalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bu yoshlarda internet resurslaridan samarali foydalanish, virtual olamda kerakli va keraksiz kontentlarni ajrata olish, shuningdek, mobil telefonda o'zlariga kerakli bo'lgan xizmat turlaridan bemalol, tezroq foydalanish imkoniyatini yaratmoqda.
Quyida ushbu elektron platformalar va ularning qulayliklari haqida ma'lumotlar beriladi:
Maktab.uz — Bu platforma o‘quvchilarning o‘quv materiallarini chuqur o‘rganishi va ularni takrorlashi uchun imkoniyat beradi. Bosqichma-bosqich fanlar, shu bilan birga, sinflar kesimida barcha mavzular bo‘yicha videodarslar bazasi shu platformaga joylashtirilgan.
Kitob.uz — kitobxonlarning milliy va jahon adabiyotidan foydalanishini ta’minlash uchun yaratilgan resurs. U kitobni onlayn o‘qish va uning audio formatda tinglash imkonini beradi.
Olimpiad.edu.uz — onlayn olimpiadalar tashkil etish, iqtidorli o‘quvchilar bazasini shakllantirish hamda olimpiadalar to‘g‘risidagi yangilik va ma’lumotlarni joylashtirib borish uchun axborot tizimi. Ushbu tizim orqali 4-11-sinf o‘quvchilari masofadan turib 6 ta fandan olimpiadalarda ishtirok etishi mumkin.
Mymaktab.uz — umumta’lim maktablarining 1-sinfiga o‘quvchilarni onlayn qabul qilish bo‘yicha axborot tizimi. Maktablarga qabul qilishda onlayn navbatga turish va murojaatlarni elektron tarzda amalga oshirish, qabul qilingan o‘quvchilarning hisobini yuritish, qabul jarayonida inson omilini kamaytirishdan iborat.
Vasiy.uzedu.uz — bu platforma yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni vasiylik yoki homiylikka, oilaga tarbiyasiga (patronat) va farzandlikka olish bo‘yicha axborot tizimi.
Bu yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda nomzodlar to‘g‘risida elektron ma’lumotlar bazasi hisoblanadi. Farzandlikka oluvchi shaxslar tomonidan onlayn ariza yuborish, onlayn navbat yaratish, ularning vaqtlarini tejash, uy-joyga ehtiyojini aniqlash va onlayn navbatga qo‘yish, kuzatish hamda jarayonlarni onlayn kuzatib turish imkoniyati mavjud.
Artshop.uz — “Barkamol avlod markaz”lari qatnashchilari tomonidan yaratilgan va ishlab chiqilgan mahsulotlarni “Art shop” savdo maydonchasi orqali onlayn sotish uchun yaratilgan axborot tizimi. “Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak a’zolarining ijodiy ishlarini onlayn-do‘kon orqali sotuvini yo‘lga qo‘yish uchun xizmat qiladi.
Educare.uz — o‘quvchi va pedagoglarning hayotiy va psixologik bilim-ko‘nikmalarini oshirish mexanizmlarni yaratish bo‘yicha elektron platforma.
Tizimning asosiy maqsadi — kasbiy stress, emotsional so‘nish holatlari profilaktikasi va korreksion dasturlarni amaliyotga samarali joriy etishga oid metodik dasturlar asosida maxsus videolar va animasion filmlar yaratishdan iborat.
Ustozfondi.uz — boshqa hududlardan jalb qilingan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar qo‘shish, ular borgan maktabning ta’lim sifati past maktablar ro‘yxatidan chiqarilgandan keyin ustozlarni rag‘batlantirish, chekka hududlardagi maktablarda bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlarni hududiy hokimlik veb-saytida joylashtiriladi.
Idea.uz — Xalq ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha g‘oyalar, takliflarni qabul qilish hamda qayta ishlash uchun yaratilgan axborot tizimi.
Uning maqsadi Xalq ta’limi sohasini rivojlantirish bo‘yicha innovatsion g‘oyalar va takliflarni jamlash, xalq ta’limi sohasida ilmiy-tadqiqot va innovasion faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, dolzarb innovasion g‘oyalarni tekshirish hamda saqlash, kelib tushgan g‘oyalar asosida statistik ma’lumotlarni shakllantirishdan iborat.
Shahodatnoma.uz — bitiruvchilarga ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning dublikatini berish, shaxsiy identifikatsion raqami (JSHSHIR)ga bog‘lash orqali idoralararo elektron tizimlarga integrasiya qilish hamda o‘quv yili yakunida maktab bitiruvchilariga elektron shahodatnoma berilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Online.uz — Xalq ta’limi tizimi rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishga qaratilgan elektron platforma.
Resursning asosiy maqsadi — kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan malaka oshirish kurslarini tashkil etish, malaka oshirish faoliyati bo‘yicha statistik ma’lumotlar va ommabop kurslar, xalq ta’limi xodimlarining kasbiy ehtiyojlarini aniqlash va diagnostika mexanizmi aniqlash hisoblanadi.
STesting.uz — Umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilarining xalqaro baholash dasturlari (RISA, TIMSS, RIRLS) doirasidagi topshiriqlar bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirish va monitoringini yuritishga qaratilgan trenajer elektron platforma.
Platforma orqali xalqaro baholash dasturlarining topshiriqlarini o‘zida mujassam etgan elektron test tizimida bilimlarni sinab ko‘rish, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik doirasida o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalarga mo‘ljallangan video mahsulotlar bilan tanishish imkoniyati mavjud.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10915 | Инструменты