Huawei 2
Tug‘ma tanglay va lab kemtigi bo‘lgan 43 nafar bolada yuqori texnologik operatsiyalar bajarildi

Bolalar milliy tibbiyot markazida «Tabassum hadya etamiz» xalqaro xayriya fondi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan aksiyada rossiyalik va amerikalik mashhur plastik jarroh Hasan Baiyev ham ishtirok etdi.

Markazda o‘tgan yilning dekabr oyida ham Hasan Baiyev tomonidan tug‘ma tanglay va lab kemtigi bo‘lgan bolalar tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilgan edi.  

Bu galgi tashrif doirasida shifokor o‘zining katta jamoasi bilan birgalikda 100 ga yaqin bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, 43 nafar bolada bepul yuqori texnologik operatsiyalar bajardi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 40 yillik tajribaga ega rossiyalik va amerikalik plastik jarroh turli yillarda AQSH, Yaponiya va Angliyada yil odami deya tan olingan mashhur shifokor 20 yildan buyon xayriya ishlari bilan shug‘ullanib keladi. Ushbu davr mobaynida u 2000 nafarga yaqin bolalarda bepul jarrohlik amaliyotlarini bajargan.  

Markazda aksiya doirasida tadbir tashkil etilib, bemor bolalarni sog‘lomlashtirishga qo‘shgan hissasi uchun Hasan Baiyev «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Uning jamoasiga vazirlikning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Xayriya aksiyasida ishtirok etgan markaz shifokorlariga esa «Tabassum hadya etamiz» («Darim ulыbku») xalqaro xayriya fondi tomonidan minnatdorlik yorliqlari topshirildi.

Shuningdek, Bolalar milliy tibbiyot markazida Respublika OITSga qarshi kurashish markazi mutaxassislari tomonidan «OIV virusi profilaktikasi» mavzusida seminar o‘tkazildi.  

Seminarda tibbiy faoliyat ko‘rsatish jarayonida bemorlar orasida OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni OIV infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tkazish tartibi, tibbiy favqulodda holatlarda shifokorlar va hamshiralar tomonidan bajarilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar tushuntirib o‘tildi.  

Respublikamizda OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha belgilangan normativ hujjatlarga asosan tibbiy yordam ko‘rsatish zarurligi ta’kidlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga