19–20-aprel kunlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi nazorat inspeksiyasi hamda Sirdaryo viloyati davlat ekologik inspektorlari hamkorligida Sirdaryo daryosida noqonuniy baliq ovlash holatlariga qarshi maxsus nazorat tadbirlari amalga oshirildi.
Ushbu tadbirlar aholining koʻplab murojaatlari asosida, xususan, baliqlarning urugʻlanish (urchish) davrida brakonyerlar tomonidan elektr qarmoq va noqonuniy toʻrlardan (leskali toʻrlar) foydalanish holatlarini bartaraf etish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida daryodan umumiy uzunligi 1000 metrga yaqin boʻlgan, noqonuniy tarzda oʻrnatilgan 20 ga yaqin leskali toʻrlar yigʻib olindi. Ushbu toʻrlar belgilangan tartibda yo‘q qilinadi. Shuningdek, elektr qarmoqdan foydalangan holda baliq ovlagan 2 nafar huquqbuzar qoʻlga olindi. Ulardan ashyoviy dalil sifatida 1 dona alyuminiy qayiq, motor, 2 dona akkumulyator, elektr qarmoq va tegishli ov qurollari, shuningdek, turli xildagi 21 dona baliq daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.
Huquqbuzarlik natijasida tabiatga jami 368 million 437 ming 500 so'm zarar yetkazilgan. Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.
Ekologiya vazirligi yurtdoshlarimizni tabiiy zahiralarni muhofaza qilishda faol ishtirok etishga, baliq ovlashda faqat belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilishga chaqiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51001 | Инструменты