Prezident qishloq xo'jaligi xodimlariga tabrik yo'lladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo'jaligi xodimlariga tabrik yo'lladi.

Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli dehqon va fermerlar, qishloq xo‘jaligi xodimlari!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali o‘z hayotini qishloq xo‘jaligi sohasiga bag‘ishlagan barcha zahmatkash insonlarni, butun xalqimizni qutlug‘ bayram – Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, yerdan mo‘l hosil yetishtirish – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.

Xalqimiz sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, tajribali chorvador va pillakorlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.

Aynan sizlarning sa’y-harakatlaringiz bilan qadimiy an’analarga ega bo‘lgan o‘zbek dehqonchilik maktabi rivojlanmoqda, agrar soha taraqqiyoti yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buning tasdig‘ini bu yil mamlakatimizda ilk bor 8 million 200 ming tonna g‘alla, 3 million 800 ming tonna paxta, 15 million tonnadan ortiq sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 26 ming tonna pilla yetishtirilgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Ana shunday fidokorona mehnat va ulkan natijalar uchun sizlarga el-yurtimiz nomidan har qancha tahsin va tasannolar aytsak arziydi, albatta.

Aziz do‘stlar!

Xabaringiz bor, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizda asosiy e’tiborni suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, xo‘jalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng muhimi, dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratmoqdamiz. Shu maqsadda 800 dan ziyod agroklasterlar tashkil etildi. Bugungi kunda paxta va g‘allaning 100 foizi, meva-sabzavot mahsulotlarining 60 foizdan ortig‘i aynan ular tomonidan yetishtirilmoqda.

Bu yil dala mehnatkashlariga 10 ming 500 dan ortiq yuqori unumli texnika va agregatlar yetkazib berildi. Sohaga raqamlashtirish jarayonlari, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, innovatsiyalar jadal kirib bormoqda.

Cho‘llanish, yerlarning sho‘rlanishi va degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproq unumdorligini oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Hozirgi kungacha 500 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilib, 3 milliard kub metr suv iqtisod qilingani va qariyb 1 million gektar yerning suv ta’minoti yaxshilangani ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasidir. Joriy yilda qo‘shimcha ravishda 100 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, oziq-ovqat ekinlari ekilgani, mevali bog‘ va tokzorlar barpo etilgani yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sohadagi ana shunday o‘zgarishlar jarayonida aholi daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda oxirgi ikki yilda 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, 670 ming nafar yurtdoshimizga tanlov asosida berildi. Natijada 2 milliondan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilib, qo‘shimcha 3 million tonna mahsulot yetishtirildi.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham muhim vazifalarni belgilab oldik. Jumladan, resurslarni tejaydigan innovatsion texnologiyalar asosida mahsulot tannarxini 30-35 foizga tushirish, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlarni 1 million 500 ming gektarga yetkazish, sifatli va serhosil navlarni, zotdor chorva naslini ko‘paytirishga, ekologik toza mahsulotlar yetishtirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Biz ana shunday mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirishda sizlar kabi katta bilim va tajribaga ega, mirishkor va omilkor insonlarga tayanamiz.

O‘z navbatida, davlatimiz va jamiyatimiz sohani yanada ravnaq toptirish, sizlarning sharafli mehnatingizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qishloq ahlining hayotini obod va farovon qilish uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etadi.

Siz, azizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor qutlab, jonajon yurtimizning iqtisodiy salohiyatini oshirish yo‘lidagi ezgu faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman.

Xonadonlaringizni xursandchilik, tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka hech qachon tark etmasin!

Doimo sog‘-omon bo‘ling, azizlar!

 Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72310 | Инструменты