Huawei 2
O'zbekistonda immunizatsiya haftaligi o‘tkazilmoqda

Har yili aprel oyining oxirgi haftaligida dunyo bo‘ylab, jumladan, JSST Yevropa mintaqasida “Immunizatsiya haftaligi” kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi tadbirlar mamlakatimizdagi davolash-profilaktika muassasalarida 21 aprelda boshlangan bo‘lib, 27 aprelgacha davom etadi.

Bunda aholi orasida yuqumli kasalliklarning oldini olishda vaksinatsiyaning ahamiyati to‘g‘risida targ‘ibot ishlari olib borilib, bolalarni emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Haftalikning bu yilgi dasturida jahon bo‘ylab Kengaytirilgan immunizatsiya dasturining 50 yilligi nishonlanmoqda. Ushbu dastur doirasida so‘nggi yarim asr davomida aholi orasida vaksina orqali boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tufayli ko‘plab insonlar, xususan, bolalarning hayoti saqlab qolingani, aholining umri uzaygani ahamiyatga molik.

Kengaytirilgan immunizatsiya dasturi 1974 yilda yaratilganida bolalarni oltita kasallikdan himoya qilishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, bugungi kunda u insonning butun hayot sikli davomida emlash tavsiya etiladigan 13 ta universal vaksinani va maʼlum vaziyatlarga qarab tayinlanadigan 17 ta qo‘shimcha vaksinani o‘z ichiga olgan holda kengaytirildi.

— Bolalarning sog‘lom voyaga yetishida vaksinatsiya eng samarali usullardan biri hisoblanadi, — deydi Sanitariya-epidemiologiya va aholi salomatligini muhofaza qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Tursunova. — Immunizatsiya haftaligi davomida olib borilayotgan emlash tadbirlari kelgusida yuqumli xastalikliklar bilan kasallanishning oldini olishga qaratilgan.

JSST maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda pandemiya davrida jahon bo‘yicha immunizatsiya yo‘nalishida o‘sish biroz sekinlashdi. 2022 yilda dunyo bo‘ylab 2021 yilga nisbatan 4 million nafardan ko‘proq bola emlangan bo‘lsa-da, 20 million nafar bola bir yoki bir nechta vaksina dozasini olmagan. Shunday bo‘lsa-da, jahonda immunizatsiya qamrovi yuqori — har 5 boladan 4 nafari emlashning to‘liq kursini oladi. Bu esa kelgusida ularning hayoti saqlanib qolishini anglatadi.

Haftalikdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu — har bir inson vaksinalarning hayotni saqlab qoluvchi afzalliklaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini taʼminlash.

Eslatib o‘tamiz, yurtimizda bolalarni rejali ravishda 13 turdagi yuqumli kasalliklar — gepatit V, sil, poliomiyelit, rotavirus infeksiyasi, bo‘g‘ma, qoqshol, ko‘kyo‘tal, Xib infeksiyasi, qizamiq, epidparotit, qizilcha, pnevmokokk, odam papilloma virusiga qarshi vaksinalar bilan emlash o‘tkaziladi.

Hozirda mamlakatimizda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etmoqda

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga