Huawei 1
O'zbekistonda aprel oyida qanday ob-havo bo'lishi kutilmoqda?

Aprel oyi – ushbu oy O‘zbekistonda bahorning ayni qizg‘in davridir – bunda bog‘larda daraxtlar gullashi, sabzavot va mevali ekinlar hosillari shakllanishi boshlanadi.

Aprel oyida havo haroratining keskin ko‘tarilishi davom etadi. Hududning katta qismida aprel oyining o‘rtacha harorati mart oyiga nisbatan 5-7o ga yuqori bo‘ladi. Respublikaning shimoli va cho‘l hududlarida havo tezroq isiydi, bunda o‘rtacha harorat mart oyidagi ko‘rsatkichlardan 8-10o ga yuqori bo‘ladi.

Aprel – yilning eng nam oylaridan biridir.

Yomg‘ir, odatda momaqaldiroq va kuchli shamollar bilan tez-tez kuzatiladi. Shimolda, eng chekka janubda va respublikaning cho‘l hududlarida o‘rtacha bir oyda 5 kundan 8 kungacha yog‘ingarchilik bo‘ladi, tog‘larga yaqin hududlarda esa yog‘ingarchilik kuzatiladigan kunlar soni 9-13 kunga ko‘payadi.

Meteorologik kuzatuvlarning butun tarixi davomida xilma xil aprel oylari qayd etilgan.

Juda quruq aprel oylari ham kuzatilgan, bunda oy uchun yog‘ingarchilik miqdori meʼyordan 20-50% dan ko‘p bo‘lmagan, baʼzi joylarda esa umuman kuzatilmagan. 1975 yilning aprel oyi ham shunday bo‘lgan edi. Toshkentda yomg‘ir faqat ikki marta yog‘gan va oy davomida yog‘ingarchilik miqdori atigi 2 mm (meʼyordan 3%) ni tashkil etgan.

Bu asrda eng quruq aprel oyi 2022 yilda kuzatildi. Toshkentda bir oyda 9 mm (meʼyordan 14%) yog‘ingarchilik bo‘ldi.

Lekin shunday aprel oylari ham kuzatilganki, unda oy uchun yog‘ingarchilik meʼyordan 3-5 marta ko‘p bo‘lgan.

Masalan, Toshkentda 1990 yil aprel oyi meteorologik kuzatuvlar tarixida eng nam bo‘lib, oy davomida yog‘ingarchilik oylik meʼyordan 300% atrofida bo‘ldi, yog‘ingarchilik bo‘lgan kunlar soni esa 19 kunni tashkil etdi.

1990 yil 8 aprel kuni Toshkentda yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha mutlaq rekord o‘rnatildi – bunda bir kecha-kunduzda 65 mm!!! yomg‘ir yog‘di, aprel oyining oylik meʼyori 62 mm.

Aprel oyida yog‘ingarchilikning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bu hudud bo‘yicha va hatto bitta shahar atrofida yog‘ingarchilikning o‘ta notekis taqsimlanishidir.

O‘tgan 2023 yilning 2aprel kuni Toshkent shahrida momaqaldiroq, kuchli shamol, baʼzi joylarda do‘l bilan kuchli jala yomg‘ir yog‘di. Bunda 2,5-3 soat ichida yog‘ingarchilik miqdori: Teleminora hududida - 10 mm, Toshkent-Observatoriya meteostansiyasi (Oloy bozori) hududida - 22 mm va Toshkent Xalqaro aeroporti hududida - 33 mm ni tashkil etdi.

Har 2-4 yilda respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir qorga aylanishi kuzatiladi. Oxirgi marta ushbu holat 2020 yil aprel oyida bo‘lgan, bunda aprel oyi birinchi o‘n kunligining oxirida markaziy va hatto janubiy hududlarning baʼzi joylarida, qishda ham kamdan-kam hollarda yog‘adigan qor yog‘di.

9 aprel kuni ertalab baʼzi joylarda qor qoplamining balandligi 7-20 sm ga yetdi. 

O‘zbekistonda qor yog‘ishining eng kechki sanasi - 1989 yil 30 aprel oyida kuzatilgan edi. Bu O‘zbekistondagi kuzatuvlar tarixidagi yagona va ajoyib holatdir.

Aprel oyining harorat foni odatda beqaror bo‘ladi. Havoni bahoriy isishi qisqa muddatga sezilarli salqinlashish bilan o‘rin almashadi.

Isish davrida havo harorati kunduz kunlari 30-33ogacha, ayrim kunlarda 35o gacha, janubda 36-38o gacha ko‘tariladi. Ko‘pincha bunday harorat qiymatlari oyning ikkinchi yarmida kuzatiladi.

Salqin bo‘lgan davrda, mart oyidagi kabi tez-tez bo‘lmasa ham, lekin baʼzida kechalari harorat sovuq darajasigacha tushadi. So‘nggi 30 yil ichida sovuqlarning jadalligi 1-4o sovuqga yetdi.

2022 yil aprel oyi O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq aprel bo‘ldi, bunda meʼyordan 3-5o ga iliq bo‘ldi.
Ushbu asrda 2009 yilning aprel oyi hududlarning katta qismida eng sovuq bo‘ldi.

Bu yil aprel oyi quruq va o‘rtacha iliq ob-havo bilan boshlanadi. Birinchi besh kunlikda havo 15-20o iliqqacha isiydi, kechalari harorat 5-10o iliq atrofida bo‘ladi.

Ushbu davrda respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli ko‘proq. Tekislik hududlarda asosan yog‘ingarchiliksiz ob- havo bo‘ladi, faqat Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 2-3 aprel kunlari baʼzi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Aprel oyi birinchi o‘n kunligining ikkinchi yarmida harorat asosan kechalari 8-13o iliq, kunduz kunlari 18-23o iliq bo‘ladi.

Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat kechalari 2-7o iliqdan 10-15o iliqqacha, kunduz kunlari 13-18o iliqdan 25-30o gacha o‘zgarib turadi.

Oylik yog‘ingarchilik miqdori meʼyordan kam, baʼzi joylarda meʼyor atrofida bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga