OTMga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish bali 66.1 ball etib belgilandi
2021/2022 o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha 2020/2021 o‘quv yili uchun tasdiqlangan fanlar majmuasiga muvofiq 2 ta fandan o‘tkaziladigan maxsus sinovlar (test, kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga ko‘ra o‘tish bali to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballning 35 foizi (66,1ball) etib belgilandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
“Bu yil o‘tgan yillardagidan farqli ravishda imtihonni DTM oladi. Bu OTMlarga hujjat topshirib, DTM imtihoni asosida talaba bo‘lgan abituriyentlarga nisbatan adolatni ta’minlash uchun qilindi.
Shuningdek, imtihonda o‘tish ballini to‘plolmaganlar tabaqalashtirilgan kontrakt asosida o‘qishi mumkin”, deb ma’lum qildi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov.
Bunda:
- 65,1 va 66 ball oralig‘ida to‘plaganlar bazaviy to‘lov-kontraktning 1,5 baravari miqdorida;
- 64,1 va 65 ball oralig‘ida to‘plaganlar bazaviy to‘lov-kontraktning 2 baravari miqdorida;
- 63,1 va 64 ball oralig‘ida to‘plaganlar bazaviy to‘lov-kontraktning 2,5 baravari miqdorida;
- 62,1 va 63 ball oralig‘ida to‘plaganlar bazaviy to‘lov-kontraktning 3,5 baravari miqdorida;
- 56,7 va 62 ball oralig‘ida to‘plaganlar Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdorida;
- 56,6 va undan kam to‘plaganlar Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt minimal miqdorining 2 baravari miqdorida to‘lab o‘qishi mumkin.
Abduvali Xoliqovning ma’lum qilishicha, boshqa vazirliklar tasarrufidagi OMTlar uchun o‘tish ballarini o‘sha vazirliklar o‘zi tasdiqlaydi. Masalan, tibbiyot OTMlari uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tish ballini belgilaydi.
“O‘qishni ko‘chirishda 1 yil oldingi kirish imtihonlaridagi maksimal ball asos qilib olinadi. Belgilangan bu o‘tish balli keyingi yillarda ham bir yil oldingi ballga qarab belgilanadi va o‘zgarishi mumkin”, dedi Abduvali Xoliqov.
Ma'lumot uchun, 2021/2022 o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tkaziladigan maxsus sinovlar natijasiga ko‘ra to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball 189 ballni tashkil etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72507 | Инструменты