O‘zbekistonda turizmning tiklanishi uch bosqichda amalga oshiriladi
O‘zbekistonda turizmning tiklanishi uch bosqichda amalga oshiriladi. Bu haqida Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi hamda Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida o‘tgan “Tiklanish yo‘li” xalqaro onlayn turizm konferensiyasi doirasida ma'lum qildi.
Birinchi bosqichda, 2020 yilning 1 iyunidan O‘zbekistonning “yashil” va “sariq” toifali karantin zonalarida ichki turizm qayta tiklanadi.
Shu sanadan eʼtiboran ko‘rsatilgan zonalarda tegishli tashkilotlar – turoperatorlar, turagentliklar, joylashtirish vositalari, madaniyat, madaniy meros obyektlari sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda ish boshlashi mumkin.
O‘zbekistonda 63 foiz turoperatorlar va 81 foiz joylashtirish vositalari (mehmonxonalar, hostellar) o‘z faoliyatini to‘xtatgan, birinchi bosqich ichki turizm orqali ularning faoliyatini qayta tiklashga bag‘ishlanadi. Shuningdek, xalqaro turizmni tiklashga maksimal tayyor bo‘lish uchun ushbu bosqichda «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» xavfsizlik tizimi joriy qilinadi.
Ikkinchi bosqich qo‘shni mamlakatlar va MDH davlatlari bilan tashkillashtirilgan hududiy turizmni qayta tiklashdan iborat bo‘ladi.
Bunda turistik guruhlarning butun sayohat davomida xavfsizlik, sanitar-gigiyenik talablar va ijtimoiy masofa choralariga rioya qilish masalalarini ishlab chiqish juda muhim, operativ reaksiya bildiruvchi qo‘shma guruhni tuzish ham maqsadga muvofiq.
Shuningdek, biz bu ishni hududlar bo‘yicha hamkasblarimizga turli tematikadagi yangi aralash turlarni ishlab chiqish bilan ham uyg‘unlashtirishni taklif etamiz: gastronomik turlar, vitamin turlari, ko‘chmanchilar turlari, mototurlar, palov turlari, arxeologik hamda sizu bizning turistik shahar va markazlarimizdan o‘tuvchi boshqa turlar.
Bundan tashqari, biz maxsus «Silk Road Project» platformasini yaratdik, unda nafaqat Ipak yo‘li mamlakatlari turistik salohiyati, balki istiqbolli mintaqaviy turmahsulotlar va marshrutlar ham targ‘ib qilinadi.
Uchinchi bosqichda O‘zbekiston sekin-astalik bilan tashqi turizmni tiklaydi, bunda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatdan kelib chiqib, fuqarolariga mamlakatimizga kirish ruxsat etiladigan uzoq xorijiy davlatlar ro‘yxati tuziladi.
Aksariyat Yevropa va Osiyo mamlakatlari asta-sekin koronavirus pandemiyasi inqirozidan chiqmoqda va turistik bozorlar ochilishiga tayyorlanmoqda.
Shu munosabat bilan biz boshqa mamlakatlarda sanitar-epidemiologik xavfsizlik hamda kasallikning yangi holatlari oldini olish nuqtai nazaridan qabul qilinayotgan chora-tadbirlarni chuqur tahlil qilmoqdamiz. Bunday tahlil yakunlariga ko‘ra, yurtimizga amalga oshiriladigan xalqaro reyslarni qayta tiklash geografiyasiga doir qarorlar qabul qilinadi.
Taʼkidlash joizki, turizm sanoatini tiklashning uch bosqichi davomida mahalliy va xorijiy sayyohlarning tashrifi doirasida xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda yangi tematik tadbirlarni o‘tkazishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Gastronomik festival va aksiyalar, “Stixiya” musiqa festivali, “Aqchako‘l” plyaj o‘yinlari, Hosil festivali, “Uchinchi yosh turizmi” haftaligi kabilar shular jumlasidandir.
Maʼlumki, Buxoro shahri 2020 yilda Islom madaniyati poytaxti deya eʼlon qilindi. Umid qilamizki, dunyodagi vaziyat yaxshilanishi va xalqaro turizmning tiklanishi bilan biz qator tadbirlar, jumladan Ikkinchi ziyorat turizm forumini o‘tkazamiz.
Turistik marshrutlar diversifikatsiyasi Qo‘mita va O‘zbekistonda turizm sanoati ishtirokchilari faoliyati doirasidagi muhim yo‘nalishdir. Hududlar, shaharlar va turistik markazlarning mini-brendlarini targ‘ib qilish bu yo‘ldagi muhim qadam hisoblanadi. Ushbu mini-brendlar asosida muayyan shahar yoki tumanning gastronomik, hunarmandchilik, agro, eko, madaniy va tarixiy o‘ziga xos jihatlari yotadi. O‘zbekistonning har bir hududi turizm bozorida o‘zining betakror va yodda qoladigan o‘ziga xos jihatlari bilan tanilgan bo‘lishi kerak.
Hozirgi pandemiya turizm sanoatiga raqamlashtirish va AT- texnologiyalarni joriy qilish naqadar muhimligini yana bir bor tasdiqladi. Shubhasiz, O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda faol ishlar olib borilmoqda. Masalan, sayyohlar, tadbirkorlar va yosh startaperlar uchun alohida yo‘nalishlar bo‘yicha online.tourism.uz sayti yaratildi.
Shuningdek, pandemiya sabab o‘z sayohatini 2021 yilga qoldirishga to‘g‘ri kelgan bo‘lajak mehmonlarimiz uchun «Online Uzbekistan» va “Uzbekistan360” resurslarida virtual sayohatlarni tashkil qildik. Bu ularga mamlakatimizdagi diqqatga sazovor maskanlar bilan onlayn tanishish imkonini beradi.
Umuman olganda, O‘zbekiston xavfsiz turizmning yangi tizimini yo‘lga qo‘ymoqda va uning qoidalari turizm sanoatining barcha ishtirokchilari uchun ortiqcha tashvish uyg‘otmaydi. Bir vaqtning o‘zida tizim turistik sayohatlarning barcha bosqichlarida kasallikning oldini oluvchi aniq va samarali jihozlarni taklif etadi”.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60221 | Инструменты