O‘zbekistonda farzand tug‘ilganda uning nomiga tamg‘alangan daraxt ko‘chatlari ekiladi

O‘zbekistonda farzand tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish uning nomiga tamg‘alangan holda daraxt ko‘chatlarini ekib, “Yangi avlod bog‘lari”ni barpo qilish rejalashtirilmoqda. Bu ko‘zda tutilgan hukumat qarori loyihasi 19-martgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, 2024-yil 1-iyulgacha farzand tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish bo‘yicha davlat xizmati va elektron platforma to‘laqonli yo‘lga qo‘yiladi.

Kadastr agentligi tuman (shahar) hokimliklari bilan har yili 1-noyabrga qadar hududlarda “yashil bog‘lar”, “yashil jamoat parklari” va “Yangi avlod bog‘lari” barpo qilish mumkin bo‘lgan tuman (shahar) hokimliklari balansidagi bo‘sh turgan yerlar ro‘yxati, maydoni va manzili haqida ma’lumotlarni to‘playdi, GIS elektron xaritasini tayyorlaydi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdim etish tizimi yaratiladi.

Har yili 1-dekabrga qadar har bir tuman (shahar)larda “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan, jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bog‘im” loyihalari doirasida aholi tashabbusi bilan “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari”ni barpo qilish uchun hamda bola tug‘ilganida guvohnoma olishda uning nomiga tamg‘alangan holda daraxt ko‘chatlarini ekish orqali “Yangi avlod bog‘lari”ni barpo qilishga yer maydonlari ajratiladi.

Farzand tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish uning nomiga tamg‘alangan holda daraxt ko‘chatlarini ekib “Yangi avlod bog‘lari”ni barpo qilish maqsadida tug‘ilgan bolaning ota-onasi yoki vasiysi tomonidan ixtiyoriy ravishda “Yashil to‘lov” elektron platformasi orqali yoki boshqa turdagi onlayn elektron platformasi orqali to‘lovni amalga oshirgan holda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali buyurtma beriladi.

To‘lovlar miqdori buyurtma beruvchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda belgilanadi.

Buyurtma beruvchilar “Yashil to‘lov” yoki boshqa turdagi onlayn elektron platformasi orqali to‘langan mablag‘lar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida tashkil etilgan “Yashil xayriya jamg‘armasi” hisob raqamiga jamg‘ariladi.

Qaror loyihasida qayd etilishicha, yuqoridagilarni yo‘lga qo‘yish orqali “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirlarini milliy an’ana va qadriyat darajasiga ko‘tarishga erishiladi. Xonadonda farzand tug‘ilganda uning nomiga tamg‘alangan daraxt ko‘chatlari ekilib, har bir tuman (shahar)larda “Yangi avlod bog‘lari” barpo qilish mexanizmi yaratiladi. Shuningdek, Respublika yashillik darajasi oshirilib, qulay ekologik muhit yaratiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты