Huawei 2
O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan milliy mahsulotlarni xalqaro standartlashtirish sohasida hamkorlik qiladi

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov “Intertek” kompaniyasining hukumat va savdo xizmatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Jeremi Gaspard bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqida “Dunyo” AA xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, kompaniya neft-gaz, energetika, avtomobil sanoati, qurilish, elektronika, oziq-ovqat sanoati, tibbiyot va boshqa sohalarda mahsulot hamda xizmatlar sifatini nazorat qilish, xavfsizligini taʼminlash va standartlashtirish yo‘nalishida jahonda yetakchi sanaladi. “Intertek”ning 100 dan ortiq mamlakatlarda 1000 dan ziyod ofislari, laboratoriyalari va sertifikatsiya markazlari bor.

Suhbat davomida respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksport hajmini oshirish maqsadida “Intertek” kompaniyasi bilan ularni xalqaro standartlar asosida sertifikatlash, yorliqlash va o‘rash yo‘nalishida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Vitse-prezident Jeremi Gaspard “Intertek” kompaniyasi O‘zbekiston tomoni bilan respublikada ishlab chiqarilayotgan qurilish, shu jumladan, bazalt mahsulotlari, elektrotexnika, tekstil va oziq-ovqat tovarlarini xalqaro standartlarga (EN, ASTM, ISO va boshqalar) muvofiq sertifikatlash yo‘nalishida hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va “Intertek” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga