Huawei 1
O‘zbekiston 10 mingdan ortiq hamshira va shifokorlarni Buyuk Britaniyaga ishlash uchun yuboradi

O‘zbekistonga Buyuk Britaniyaning "NEU Professionals" rekruting agentligi, Qirollik hamshiralik kolleji, Koventri universiteti va Ixtisoslashgan til kurslari markazi vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi, deb yozadi "Dunyo" axborot agentligi.

Tashrif doirasida Buyuk Britaniya tomoni uchun Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish, Oliy ta’lim, Fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Samarqand shahridagi "Medicon" universitetida uchrashuvlar tashkil etildi.

Muzokaralar natijasida O‘zbekistondan 10 mingdan ortiq tibbiyot sohasi vakillarini Buyuk Britaniyadagi nufuzli shifoxonalarda ishga joylashtirish, ularga chet tillarini o‘rgatish va oyiga 3 ming dollar miqdorida maosh to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Britaniya tomoni O‘zbekiston tibbiyot sohasi vakillari, jumladan, hamshiralar o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari sifatida ishlash bilan cheklanib qolmasdan, o‘z imkoniyatlari, intilishlari, tajribasi va til bilimlaridan kelib chiqqan holda martaba o‘sishi imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidladi.

"NEU Professionals" rekruting agentligi 2013 yil chet ellik tibbiyot mutaxassislarini Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti shifoxonasi va boshqa tibbiyot muassasalari uchun yollashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniya xorijdan tibbiyot mutaxassislarini Angliya va Uelsga yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga