Huawei 1
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi

Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan bilan “Kuchli kengash, tashabbuskor va hisobdor hokim” tamoyili asosida xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatini yanada kuchaytirish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi.

Shuningdek, O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan.

Oliy Majlis Senati tomonidan konsepsiya ishlab chiqilishini tashkil etish komissiyasi va har bir yo‘nalish bo‘yicha soha mutaxassislaridan alohida ishchi guruhlar tashkil etildi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva rahbarligida tashkil etilgan komissiya majlisida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini tom maʼnodagi hokimiyat institutiga aylantirishni nazarda tutgan holda konsepsiya loyihasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Konsepsiyani ishlab chiqishda eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar belgilab olindi. Shu bilan birga, xalq deputatlari kengashlarining samarali faoliyati yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan omil va sabablarni chuqur tahlil qilish, vakillik organlari faoliyatiga oid xorijiy tajribani o‘rganish lozimligi taʼkidlandi.

Konsepsiyada mahalliy kengashlar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish orqali deputatlar hamda saylovchilar o‘rtasida elektron muloqot maydonini yaratish zarurligi qayd etildi.

Konsepsiya hamda uni amalga oshirish bo‘yicha tegishli “yo‘l xaritasi” loyihasining keng jamoatchilik vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokamalarini tashkil etish kabi vazifalar belgilab olindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga