Huawei 2
Jizzaxda sodir boʻlgan YTH oqibatida ikki nafar maktab oʻquvchisi halok boʻldi

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida aholi punktida qoidalarni buzib tez harakatlangan haydovchi ikki nafar maktab o‘quvchisining o‘limiga sabab bo‘ldi.

Qayd etilishicha, Baxmal tumanida yashovchi 26 yoshli haydovchi o‘ziga tegishli “Lacetti” mashinasi bilan tumanning Oqtom mahallasi hududidan o‘tgan O‘smat-Baxmal avtomobil yo‘lida qoidalarga zid ravishda tezlikni oshirgan.

Shunda u mashina boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘l chetidan maktabga ketayotgan ikki nafar o‘quvchini urib yuborgan. Oqibatda 5 va 7-sinfda o‘qiydigan o‘quvchilar og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan.

“Lacetti” bolalarni urib yuborgach, yo‘ldan ancha ichkarida bo‘lgan qoramol bilan to‘qnashib, uni ham bosib o‘ldirgan. So‘ng devorga urilib to‘xtagan.

Viloyat IIB YHXB tayyorlagan videoda haydovchi soatiga 70 km tezlikda yurish belgilangan aholi punkti ichida soatiga 100 km tezlikda harakatlanib kelganini aytgan.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan G‘allaorol tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Haydovchi protsessual tarzda qamoqqa olingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga