“Ishlab chiqilayotgan vaksinalar juda ko'p nojo'ya ta'sirga ega va surunkali kasalligi bo'lgan bemorlarga mumkin emas ekan...”
Bugun AOKAda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Sevara Ubuydullayeva ishtirokida brifing bo'lib o'tdi. Unda muhim savollarga javob qaytarildi:
Bolada allergiya kasalligi mavjud bo'lsa hamda bo'g'ilishlar kuzatilsa, bunday bolalarda koronavirus qanday kechadi?
Ilk yoshdagi bolalarda koronavirus kasalligi simptomlarsiz, ulardan kattaroq, ya'ni 12 yoshgacha bo'lganlarda kasallik kechuvi juda ham yengil kuzatilishi borasida aniq ma'lumotlar mavjud.
Lekin organizmida yondosh boshqa kasalliklari bo'lgan bolalarda yoki allergiyasi mavjud bo'lsa, shuningdek oddiy shamollash davrida ham bo'g'ilish holatlari kuzatilsa, bunday bolalarda koronavirus o'rta og'irlikda yoki og'irroq kechishi mumkin.
Allergiya — koronavirus organizmga tushganidan so'ng, organizmda jarohatlanish va kasallik qo'zg'ash xususiyatini kengaytiradi hamda kasallik kechuvini kuchaytiradi.
Menda nafas qisishi, ba'zan yo'tal va yengil terlash bor. Isitmam yo'q. Bu simptomlar bir oydan beri davom etmoqda. Umumiy ahvolim qoniqarli. Bu koronavirus belgisi bo'lishi mumkinmi?
Bugungi kunga kelib dunyo olimlari koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganda simptomlar va ularning bosqichlari, ya'ni simptomlar ketma-ketligini tasdiqlashdi.
Ushbu ro'yxatga ko'ra, koronavirus infeksiyasi tana harorati ko'tarilishi, yo'tal va nafas qisishi, holsizlik va darmonsizlik, shuningdek, mushak va bo'g'imlardagi og'riq bilan namoyon bo'ladi, ba'zi odamlar hid va ta'm bilish hissini yo'qotishadi.
Shuningdek, kasallikning davomiyligi simptomsiz, yengil, o'rta, og'ir va juda og'ir kechishiga bog'liq.
Sizning holatingizda kasallik alomatlari kuzatilmayapti. Koronavirus bir oy davomida o'rta va og'ir darajadagi bemorlarda davom etishi mumkin, lekin bunda yuqori harorat, yo'tal va nafas qisilishi belgilari bo'ladi. Sizning holatingizda bu belgilar koronavirus infeksiyasi emas.
Ishlab chiqilayotgan vaksinalar juda ko'p nojo'ya ta'sirga ega va surunkali kasalligi bo'lgan bemorlarga mumkin emas ekan, degan gaplarni eshityapmiz. Aslida, aynan surunkali kasalliklari bor bo'lgan bemorlar vaksinatsiya qilinishi kerakmasmi?
Rossiya Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan vaksinaning tarkibi va qo'llash tartibi ochiq e'lon qilingan.
Undagi ma'lumotlarga ko'ra, vaksinatsiyaga bo'lgan qarshiliklar boshqa vaksinatsiyalarga bo'lgan qarshiliklarga o'xshash. Ya'ni kasalliklarga qarshi emlash nafaqat o'tkir shamollashlar va boshqa kasalliklar ham avj olgan davrida, balki vaksinaning tarkibidagi ma'lum bir vositasiga nisbatan allergik reaksiya bo'lsa ham, emlash o'tkazilmasligi belgilangan.
Lekin yuqorida keltirilgan kasalliklarni o'tkir davri yoki avj olgan davri o'tganidan so'ng emlash tavsiya etiladi. Shu bilan birga, vaksinatsiyadan so'ng kelib chiqishi mumkin bo'lgan vaqtinchalik nojo'ya ta'sirlar mavjud bo'lib, ular yengil o'tishi mumkin deb belgilangan.
Surunkali kasalliklarga to'xtaladigan bo'lsak, vaksina — kuchsizlantirilgan virus bo'lgani bois, surunkali kasalliklari bor bemorlarda ehtiyotkorlik bilan emlash kerakligi belgilangan. Ya'ni, agarda emlanayotgan shaxslarda surunkali kasalliklari bo'lsa, ular shifokor nazoratida bo'lishlari talab etiladi.
Opamda koronavirus belgilari barchaga o'xshash yengil kechsada, negadir juda ko'p bosh aylanishi kuzatildi. Koronavirus bilan kasallanganlarda bosh aylanishi sababi nimada?
Bosh aylanishi aslida boshqa kasalliklarga ham xos sindrom hisoblanadi. Mazkur alomat aynan koronavirusga xos emas.
Opangizda bosh aylanishi bilan kechadigan kasalliklari mavjud bo'lgan bo'lsa, koronavirus o'sha kasalliklarni kuchaytirgan bo'lishi mumkin.
Bosh aylanishi — qon bosimi, bosh miya qon bosimi va turli xil boshqa kasalliklarga ham xos xususiyat bo'lib, bu holatni o'tkazib yuborish yashirin kechishi mumkin bo'lgan kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi.
Opangiz kasallikdan tuzalgandan so'ng poliklinikaga chiqib, tor mutaxasisslar va maxsus tekshiruvlardan o'tishlari kerak
Alpha version: 0.9.1.19 build 62411 | Инструменты