Huawei 1
G‘azodagi Xon Yunis kasalxonasidagi ommaviy qabrdan 40 ga yaqin jasad topildi

G‘azodagi favqulodda vaziyatlar brigadalari 23-aprel kuni G‘azo janubidagi Nosir tibbiyot majmuasidagi ommaviy qabrdan kamida 35 ta jasadni chiqarib oldi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Isroil kuchlari tibbiyot muassasasini tark etgach, bino hovlisidan jasadlar topila boshlangan. Hozirga qadar kasalxona hududidan topilgan jasadlarning umumiy soni 310 nafarga yetgan.

Xon Yunis fuqarolik mudofaasi direktori, polkovnik Yamen Abu Sulaymon jasadlar topilishi bilan bog‘liq vaziyat haqida CNN telekanaliga xabar bergan. U jasadlarning qo‘l va oyoqlari bog‘lanib, yalang‘och holda ko‘mib yuborilganini aytgan.

“Bu yerdagi hovlida qatl belgilarini topish mumkin. Ular tiriklayin ko‘milganmi yoki qatl etilganmi, biz bilmaymiz. Jasadlarning aksariyati bo‘laklanib ketgan”, — degan Yamen Abu Sulaymon.

CNN nashri rasmiy vakilning daʼvolarini tasdiqlay olmagan. Topilayotgan jasadlarning o‘lim sabablarini aniqlash imkoni bo‘lmagan. Hozirda kasalxona hududida ko‘plab falastinliklar halok bo‘lgan oila aʼzolarini izlashmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining matbuot kotibi Stefan Dyujarrik 22-aprel kuni Nosir kasalxonasidan topilgan ommaviy qabrlar haqidagi xabarlarni “o‘ta tashvishli” deb atagan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga