Huawei 1
Farg‘onada ishdan noqonuniy bo‘shatilgan bandlikka ko‘maklashish markazi bosh mutaxassisi lavozimiga qayta tiklandi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) fuqarolarning murojaatlari asosida ularning huquqlarini tiklashni davom ettirmoqda. Farg‘ona viloyatidan fuqaro G.A. Ombudsmanga ishdan noqonuniy bo‘shatilgani va mehnat huquqlarining tiklanishini so‘rab murojaat qilgan.  

Murojaatchining qayd etishicha, u Furqat tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazida bosh mutaxassis lavozimida ishlab kelgan. Tizimdagi o‘zgarishlar sababli ayrim vazifalar shtat birligi bilan boshqa davlat tashkilotiga o‘tkazilgan.  

Shundan so‘ng malaka talabiga javob bermaslik vaji bilan fuqaro G.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Ombudsman axborot xizmatidan xabar berishlaricha, murojaat nazoratga olingan. Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi bilan birgalikda o‘rganilgan.  

Aniqlanishicha, murojaatchi ishlagan lavozimning shtat birligi o‘tkazilgan davlat tashkilotiga uni ishga joylashtirish choralari ham ko‘rilmagan. Uning 10-yildan buyon ushbu vazifada ishlab kelgani, Qo‘qon universitetida sirtdan ta’lim olayotgani ham inobatga olinmagan.  

Ishga taalluqli hujjatlar to‘planib, fuqaro manfaatida ishga tiklash bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining hal qiluv qarori va apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan ish beruvchi zimmasiga fuqaro G.A.ni bosh mutaxassis vazifasiga ishga tiklash majburiyati yuklatilgan. Murojaatchi G.A. ushbu lavozimga tiklanib, 5 oy majburiy progul kunlari va yetkazilgan ma’naviy zarar uchun jami 39 million so‘m undirilishi belgilangan.  

Hozirda murojaatchi avvalgi lavozimida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda va undirilishi belgilangan summa to‘liq miqdorda to‘lab berilgan.

Ombudsmanga 3-son Tergov hibsxonasida vaqtincha saqlanayotgan sudlanuvchi N.K. farzandlariga vasiy tayinlanishida yordam so‘rab murojaat qilgan.  

Murojaatchining bayon etishicha, uning 4 nafar farzandi bo‘lib, ulardan 3 nafari voyaga yetmagan. Hozirda turmush o‘rtog‘i ham sud tomonidan uy qamog‘iga olinganini, shu sababli, farzandlariga vasiy tayinlash va ularga moddiy yordam ajratilishida amaliy yordamga muhtojligini ma’lum qilgan.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holat Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, tibbiyot birlashmasi hamda tuman hokimiyati mas’ul vakillari bilan birgalikda joyiga chiqib o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, sudlanuvchining farzandlari hozirda turmush o‘rtog‘i va uning ota-onasi bilan yashab kelmoqda. O‘rganish jarayonida bolalar bilan suhbatlashildi va ularning sharoitlari o‘rganildi.

Natijada bolalarga vasiy tayinlash bo‘yicha ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida ularga buvisi vasiy sifatida tayinlandi. Hozirda bola puli tayinlash choralari ko‘rilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga