Huawei 1
Fargʻona va Qoʻqon shaharlarida 1 mlrd 329 mln soʻmlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan noqonuniy maynerlar aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda “Oʻzenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

Jumladan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1973-y.t. shaxs oʻz qarindoshining yashash xonadonida 10 ta “Bitmain Antminer” rusumli mayning qurilmalarini elektr taʼminoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, oʻzboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga ulab, 2021-2024-yillar davomida mayning faoliyati bilan shugʻullanib kelishi natijasida, davlat manfaatlariga 638 mln. 274 ming soʻm miqdorida zarar yetkazgan.

Fargʻona shahrida yashovchi, 1989-y.t. shaxsning xonadonida 11 dona, quvvati 14,85 kilovatt boʻlgan “Antminer” rusumli mayning qurilmalari yashirin ravishda elektr tarmogʻiga ulanib, 320 mln. 118 ming soʻmlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan.

Boshqa holatda esa Fargʻona shahrida yashovchi, 1971-y.t. fuqaroga tegishli xonadon koʻzdan kechirilganda, 6 dona, quvvati 12,4 kilovatt boʻlgan “Antminer” rusumli mayning qurilmalari elektr tarmogʻiga noqonuniy ulanib, elektr taʼminoti korxonasiga 293 mln. 284 ming soʻmlik zarar yetkazilgan.

Yana bir holatda, Fargʻona shahrida yashovchi, 1989-y.t. shaxs oʻzining onasiga tegishli xonadonda kriptovalyuta ishlab chiqarish faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shugʻullanib, “Antminer” rusumli 3 dona mayning qurilmalaridan foydalanishi natijasida, elektr energiyasi boʻyicha davlat manfaatlariga 77 mln. 585 ming soʻm miqdorida zarar yetkazgan.

Aniqlangan ushbu holatlarda davlatga yetkazilgan zarar jami 1 mlrd. 329 mln. 261 ming soʻmni tashkil etadi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga