Adliya vazirligi 2025-yil 11-noyabrda “O‘zbekiston Respublikasida bank kartalarini chiqarish va muomalada bo‘lish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi buyruqni (ro‘yxat raqami: 3294-3) davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangilangan hujjatga ko‘ra, bank kartalarining turlari foydalanuvchi subyektlarga qarab kengaytirildi.
Biznes bank kartasi — yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga o‘z hisobidagi mablag‘larni boshqarish imkonini beradi.
Ijtimoiy bank kartasi — turli ijtimoiy to‘lovlar va boshqa tushumlarni boshqarish uchun mo‘ljallangan.
Shuningdek, oldindan emissiya qilinadigan shaxsiy bank kartalarini chiqarish hamda ularni mobil ilovalar orqali foydalanuvchini identifikatsiya qilgan holda aktivlashtirish tartibi belgilandi.
Endilikda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar mustaqil ravishda, 14 yoshgacha bo‘lganlar esa ota-onasidan biri yoki qonuniy vakilining yozma roziligi asosida tijorat banklarida o‘z nomiga bank kartasi ochishlari mumkin.
Bundan tashqari, hujjat bilan yuridik shaxslar uchun ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlarni korporativ bank kartalari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111319 | Инструменты