Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirlik va uning hududiy boshqarmasi tomonidan Dehqonobod tumanida joylashgan “Dehqonobod kaliy zavodi” faoliyati oʻrganildi.
Tekshiruv davomida yer ostida hosil boʻlgan sizot suvlarini tashqariga chiqarish uchun shaxta loyihasi asosida markaziy nasos stansiyasi qurilgani, loyihada esa suv tozalash inshooti koʻzda tutilmaganligi natijasida chiqindi suvlarning uchdan ikki qismi ruda changini bosish uchun ishlatilib, bir qismi toʻgʻridan-toʻgʻri “Tuyashsoy” soyiga tashlanayotganligi maʼlum boʻldi.
Ushbu avariyali tashlanma suvlardan namunalar olinib, tahlil qilinganda oqova suv tarkibida muallaq moddalar 31,0 mg/l, quruq qoldiq 6130 mg/l, xloridlar 1582,1 mg/l, kimyoviy moddalar 16,3 mg/l, nitrit 24,5 m/l, ammoniy 0,02 m/l, nitrat 0,05 m/l, moylar 0,001 m/l, neft mahsulotlari 0,001 m/l koʻrsatkichda ekanligi aniqlandi.
Kon faoliyati uchun ishlab chiqilgan “Ekologik oqibatlar bayonoti” loyiha hujjatida (2018-yil) hosil boʻlgan shaxta suvlarini maxsus tuz saqlash hovuziga joylashtirish belgilangan boʻlsa-da, amalda mazkur yer osti sizot suvlari soyga tashlanmoqda.
Mazkur suvlarning tarkibi korxonaga tegishli boʻlgan markaziy laboratoriya tomonidan 2022-yil 17-avgust oyidan boshlab tahlil qilina boshlangan va natijalari qayd etib borilgan. Shuningdek, 2020-yilda oʻtkazilgan tekshirishda ushbu manbadan hosil boʻlgan sizot suvlarni soyga tashlamaslik boʻyicha berilgan koʻrsatmalarga amal qilinmagan.
Ushbu qonun buzilishi holatlaridan kelib chiqib, “Dehqonobod kaliy zavodi”ga 363 mln 57 ming 900 soʻm kompensatsiya toʻlovi belgilandi. Shuningdek, tekshirish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 18 banddan iborat majburiy koʻrsatmalar berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101002 | Инструменты