AQSH o‘zbekistonlik o‘quvchilarga $10 millionlik xorij darsliklarini beradi
Bugun, 6 avgust kuni AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi uchun xalqaro nashriyotlar ishlab chiqqan 2 ta turkum darsliklar uchun litsenziya olganini e’lon qildi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi Matbuot xizmati xabar berdi.
10 mln AQSH dollariga teng turkum 5–11-sinflar uchun “Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha darslik va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar, shuningdek, 1–11-sinflar uchun “Xorijiy til – ingliz tili” fanidan darsliklar, ish daftarlari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalardan iborat.
O‘zbekiston kontekstiga moslashtirilgan darsliklar 2021/22 yilgi o‘quv yilida 200 ta maktabda sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu darsliklarning respublika bo‘yicha 665 milliondan ortiq o‘quvchi o‘rtasida taqsimlanishi 2022/23 yilgi o‘quv yilidan boshlanadi.
Darsliklarga qo‘shimcha ravishda, USAID moliyalashtiradigan “O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim dasturi” doirasida ishlab chiqilgan “Ona tili” va “Matematika” (1–4-sinflar), shuningdek, “Informatika va axborot texnologiyalari” (5–11-sinflar) fanlaridan ta’lim standartlarini topshirdi. Xalqaro andozalarga maksimal moslashtirilgan ushbu yuqori sifatli asosiy hujjatlar Xalq ta’limi vazirligiga ta’lim tizimini modernizasiya qilishda yordam beradi.
Bugun USAID’ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit va xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov DOAG doirasida yana 5,5 mln AQSH dollari ajratishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha hujjatni imzoladi. Bu mablag‘lar yoshlarning ishga kirishidan oldin ularning tadbirkorligi va ishga tayyorligini oshirish uchun ishlatiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82501 | Инструменты