Huawei 1
Andijonda belaruslik mebelsozlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Belarus Respublikasi yog‘ochni qayta ishlash va mebel sanoatining bir guruh vakillari Andijonda bo‘ldi.

Andijonda mebelsozlik sanoatini rivojlantirish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, mazkur yo‘nalishda mashhur brendga ega xorijiy korxonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Belarus Respublikasi mebelsozlarining tashrifi ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qildi.  

Ta’kidlash joizki, Belarus Respublikasi iqtisodiyotida yog‘ochni qayta ishlash va mebelsozlik sanoati muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan mebel mahsulotlari jahon bozorida alohida mavqega ega. Chunki Belarusdagi mebel ishlab chiqaruvchi aksariyat korxonalar uzoq tarixga ega, eng zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan. Masalan, Gomel oblasti Novobelitsiy rayonida joylashgan “Gomeldrev” korxonasi 1929-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda korxonada yuzlab turdagi mebellar, karkas uylar, parket, fanera, MDF plitalari, isitish briketlari singari ko‘plab turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi.  

Hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Andijonga kelgan "Gomeldrev" OAO bosh direktori M.Solyanik, “Rechidsadrev” OAO bosh direktori S.Bolachkov, “Gomel” davlat o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktori Yu.Shumskiy, Yelsk mebel fabrikasi direktori S.Patapenko va "Kalinkoviya" o‘rmon xo‘jaligi direktori A.Demidko ishtirokida andijonlik tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.    

Kunning birinchi yarmida mehmonlarning O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining respublika hamda viloyat vakillari ishtirokida Andijondagi mebel ishlab chiqaruvchi tadbirkor va hunarmandlar bilan V2V formatida uchrashuvi o‘tkazildi.  

Uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Andijonning ishlab chiqarish salohiyati va korxonalari haqida, shuningdek, viloyatda mebelsozlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Do‘stona va ishchanlik ruhida o‘tgan uchrashuvda mehmonlar Andijonda faoliyat olib borayotgan mebelsozlar bilan hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.

Uchrashuvdan so‘ng, mehmonlar Andijon shahridagi "Baraka mebel" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Jamiyatga qarashli savdo do‘konida bo‘lgan belaruslik mutaxassislar mebellarni ko‘zdan kechirdi, korxona bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.  

Belaruslik mehmonlar kunning ikkinchi yarmida Andijon shahridagi "Sharq yulduzi" mebel fabrikasida ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Shundan so‘ng belaruslik hamkorlar Oltinko‘l tumanida tashkil etilishi kutilayotgan "Mebelsozlik sanoat zonasi" loyihasi bilan tanishtirildi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga