7 aprel soat 23:00 holatiga ko'ra O'zbekistonda 61 666 nafar kishi koronavirusga tekshirildi
Bugun AOKA shtabida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig'i Nurmat Atabekov ishtirokida brifing bo'lib o'tdi.
Brifingda fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ko'tarilgan muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
Savol: O'zbekistonda nechta odam koronavirusga tekshirildi?
Javob: 2020 yil 7 aprel soat 23:00 holatiga ko'ra, umumiy hisobda 61 666 nafar kishi koronavirusga test tekshiruvidan o'tkazildi.
Savol: Karantin bo'lishiga qaramay, faoliyatini to'xtatmagan ayrim korxonalar o'z ishchilarini, 30-40 kishini avtobuslarda tashimoqda. Ularning orasida kimdir kasallanib qolsa, qolganlarning holiga kim javob beradi?
Javob: Karantin davrida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan barcha korxonalar o'z faoliyatlarini to'xtatgan. Avtobuslarda belgilangan miqdordagi insonlarning tashilishi IIB yo'l patrul xizmatlari tomonidan nazoratga olingan.
Shuningdek, bugungi kunda karantin davrida ishlashga majbur bo'lgan idora va tashkilotlarning ishchi-xodimlari maxsus avtobuslardan foydalangan holda tashilmoqda. Ushbu avtobuslar dezinfeksiya qilinganligi, odamlar soni belgilangan miqdordan oshib ketmasligi va barchasi maskalar taqqan holda bo'lishi nazoratga olingan.
Masalaning muhim jihati — ushbu shaxslarning barchasi kun davomida nazoratda bo'ladi, ularning tana harorati o'lchanadi, doka niqoblardan foydalanib faoliyat yuritishadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71813 | Инструменты