2050-yilga borib O‘zbekistonda suv tanqisligi 15-25 foizga yetishi mumkin

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari gidrogel va suv tanqis bo‘lgan hududlarda undan foydalanish imkoniyatlarini tahlil qildi.

So‘nggi yillarda dunyo hamjamiyatini qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi va cho‘llanish kabi muammolar tashvishga solmoqda. Iqlim o‘zgarishi oqibatida 2050 yilga borib, Tyan-Shan va Pomir tog‘ tizmalaridagi jami muzliklarning 30-50 foizgacha bo‘lgan qismi erib ketishi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida suvga bo‘lgan talab 50 foizgacha oshishi kutilmoqda. Buning oqibatida O‘zbekistonda suv tanqisligi o‘rtacha 15-25 foizga, cho‘llanish darajasi esa 123 mln kvadrat metrga yetishi mumkin.

Suv taqchilligining ortishi uni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish zarurligini anglatadi. Germaniya, Yaponiya, Xitoy kabi mamlakatlarda o‘simliklarni parvarish qilishda turli xil noanʼanaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmoqda.

Misol uchun, Yaponiyada havo haroratiga qarab shaklini o‘zgartiruvchi gidrogel yaratilgan. U egiluvchan bo‘lib, suvni o‘ziga shimib olganda kengayadi va namlikni o‘simlik tomiriga beradi. So‘ngra oldingi holatiga qaytadi va yana namlikni yig‘a boshlaydi. Shu bois u cho‘l-dasht hududlaridagi o‘simliklarni sug‘orishda juda qo‘l keladi.

Xitoyda cho‘l hududidan o‘tuvchi 450 km magistral yo‘l bo‘yida gidrogel yordamida ihotalangan daraxtzor va yashil qoplam barpo etilgan.

Gidrogel qishda yomg‘ir, qor suvlarida namlikni yoki yozda sug‘orishdagi suvni o‘ziga shimib, uzoq vaqt saqlaydi hamda o‘simliklar ildiziga nam berib turadi. U o‘z og‘irligidan 400-500 marotaba ko‘p yomg‘ir suvini, 200-400 marotaba ko‘p tuproq namligini yuta oladi.

Bir gektar maydonga 35-50 kg gidrogel sarflanishi hisobiga taxminan 120-140 kub metr suv tejashga erishiladi. Tuvakda o‘stiriladigan o‘simliklar uchun 50-80 foiz, qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun 20-40 foiz suvni tejash imkoniyati yaratiladi. Dala sharoitidagi gidrogel o‘z xususiyatini 2-3 yil davomida yo‘qotmaydi. Eskirgan gidrogel qoldiqlari esa tuproq tarkibini buzmaydi va o‘simliklar tomonidan azotli o‘g‘it sifatida o‘zlashtiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72405 | Инструменты