Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 23-iyun kuni tashqi savdo va transport-logistika sohalarida kechiktirib bo‘lmaydigan choralar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. Hamkor davlatlar bilan muqobil yo‘llarni kelishish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash topshirildi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov dunyoda bo‘layotgan ziddiyatlar, turli mamalakatlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar xalqaro transport logistika zanjiri bilan birga, O‘zbekistonga ham ta’siri yuqori bo‘lishini, murakkabchiliklarni keltirib chiqarishini qayd etdi.
Mamlakat xalqaro yuk tashuvlarini 9 ta yirik transport koridori orqali amalga oshiradi, ulardan eng muhimi — Janubiy koridor. Eronning dengiz portlari orqali O‘zbekistonga kiruvchi va mamlakatdan eksport qilinadigan yuklar aynan shu yo‘nalishdan o‘tadi. Turkiyaga va u orqali Yevropaga yo‘naltirilgan yuklarning 60% dan ortig‘i ham Eron hududi orqali tashilmoqda.
Transport vaziri yig‘ilishda ziddiyatlar xalqaro transport koridorlaridan foydalanish, O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchi eksport va import qiluvchi kompaniyalar, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni zudlik bilan hal qiladigan tizim yaratish topshirilganini ma’lum qildi.
“Prezidentimiz topshirig‘iga binoan bugunoq bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida mutasaddi rahbarlardan iborat ishchi guruh tashkil etilmoqda. U 24 soatlik ish tartibida faoliyat yuritadi. Ishchi guruh chegara postlarida to‘xtatib, dengiz portlarida ushlab qolingan mamlakat ishlab chiqaruvchilari yoki importyorlarining mahsulotlari, O‘zbekistonga yetkazilayotgan yuklarni aniqlash hamda ularni o‘z vaqtida mamlakatga yetkazilishini ta’minlashga qaratilgan”, — dedi Ilhom Mahkamov.
Shuningdek, sun’iy ravishda narxlarning oshirilishining oldini olish ham ishchi guruh faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.
Bundan tashqari, davlat rahbari uzluksiz ish rejimida har bir tadbirkor bilan kunlik muloqot olib borish, yagona elektron platforma yaratish va unda barcha ishtirokchilarga o‘z yuklarining holatini kuzatish imkonini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Transport vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Transport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi (AIRCUZ) hamda boshqa daxldor idoralar vakillaridan iborat “tezkor shtab” ish boshladi.
Tezkor shtab xalqaro maydonda vaziyatning jadal o‘zgarishi va ortib borayotgan geosiyosiy keskinlik sharoitida eksport va import yuklari tashuvlari uzluksizligini ta’minlash, milliy tashuvchilar hamda tadbirkorlarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan.
Xalqaro tashuvlar masalalari bo‘yicha murojaat va takliflarini qabul qilish uchun Transport vazirligining 1167 qisqa raqamli ishonch telefoni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi. Shuningdek, Telegram-bot orqali ham murojaatlarni yo‘llash mumkin.
Shu bilan birga, mazkur shtab orqali xorijdagi savdo vakolatxonalari orqali ham hamkorlik qilish imkoniyati yaratiladi. Bu esa har qanday muammolarni interaktiv tarzda, tezkor yechishga zamin yaratadi, dedi vazir.
Shuningdek, Mahkamov prezident topshirig‘iga asosan xalqaro transport yo‘nalishlarining har biriga kamida 2−3 ta muqobil koridorlardan foydalanish imkoniyati yaratilganini qayd etdi.
“Prezidentimizning shaffof va oqilona siyosati natijasida bugungi kunda deyarli har bir mamlakat bilan yaxshi hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Biz ushbu mamlakatlardan mahsulot va yuklarni masofaviy ravishda tez va uzluksiz o‘tkazish imkoniga egamiz”, — dedi Ilhom Mahkamov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Eron orqali tashuvlarda muammolar yuzaga kelsa, Pokistonning dengiz portlaridan, Turkiyadan kelayotgan yuklarni esa O‘rta koridor orqali yoki Gruziya va Rossiya chegara postlari orqali, so‘ng Rossiya va Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazish imkoniyati mavjud.
Transport vaziri narxlarga bosim beruvchi omillarni bartaraf etgan holda ishlash muhimligini, mavjud imkoniyatlar esa yuk tashuvchilar, jo‘natuvchilar va qabul qiluvchilarga birdek tatbiq etilishini ta’kidladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62418 | Инструменты