Huawei 1
Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chigirtkalarga qarshi kurashda birlashadi

Yevropa va O‘rtayer dengizi o‘simliklarni himoya qilish tashkiloti (EPPO) ishchi guruhining 55-yig‘ilishi doirasida Qozog‘iston Davlat nazorat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Saken Qanibekov O‘zbekiston va Qirg‘iziston fitosanitariya xizmatlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar berdi Kazinform.

Muloqotning asosiy mavzusi chigirtkalarga qarshi himoya choralari bo‘ldi. Uchrashuv davomida ishtirokchilar mamlakatlarda mavsumiy hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mavjud amaliyot bilan tanishtirildi.

Jumladan, Locust.uz tizimi namoyish etildi. Bu chigirtka tuxum qo‘ygan hududlar, kimyoviy tozalash ishlari olib borilgan hududlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayd etuvchi elektron platforma bo‘lib, vaziyatni to‘g‘ri baholash imkonini beradi. Tizim, shuningdek, transport vositalariga o‘rnatilgan GPS qurilmalari yordamida maxsus jihozlar harakatini kuzatib boradi. Ta’kidlanishicha, bu vaziyatni o‘z vaqtida baholash va katta maydonlarda chigirtka tarqalishining oldini olish imkonini beradi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro fitosanitariya standartlarini joriy etish va axborot almashinuvini rivojlantirishga kelishib oldi.

Tomonlar chegara hududlarida chigirtkalarga qarshi kurashish, fitosanitariya holati, o‘rganish natijalari, zararli organizmlarning tarqalishi va ko‘rilgan choralar to‘g‘risida tezkor ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikka alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, fitosanitariya sertifikatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni samarali va muntazam almashish uchun axborot tizimlarini birlashtirish ko‘zda tutilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61001 | Инструменты