Braziliyalik mashhur futbolchi Romario 15 yillik tanaffusdan keyin futbolchilik faoliyatini tiklaganini e’lon qildi.
Globo Esporte xabariga ko‘ra, Braziliya milliy jamoasi safida jahon chempioni bo‘lgan «Barselona» sobiq o‘yinchisi «Amerika» klubining mavsum uchun qaydnomasiga kiritildi.
Romarioning o‘zi Rio-de-Janeyro shtatining ikkinchi ligasida ishtirok etadigan ushbu klub prezidenti ham sanaladi. Futbolchi sifatida imzolangan shartnomaga ko‘ra, Romario eng kam ish haqi miqdorida maosh oladi va ushbu mablag‘ni xayriya sifatida klubga qaytaradi.
«Sevimli «Amerika» jamoamizga maydonda imkonqadar yordam berishga tayyorman. Shu bilan birga futboldagi yana bir orzum – o‘g‘lim bilan katta futbolda birga to‘p surishni istadim. Meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat!», - deya yozadi 58 yoshli Romario «tvitter»dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Romario 2009 yil «Amerika» safida futbolchilik faoliyatini yakunlagandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101002 | Инструменты