Huawei 2
O‘zbekistonda ayollar 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan olib chiqishi mumkin — Jahon banki

O‘zbekistonda ayollar iqtisodiyotda erkaklar bilan teng ishtirok etsa, mamalakat yalpi milliy daromadi 29 foizga oshishi mumkin. Bu haqda Jahon bankining “O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatini baholash” hisobotida qayd etilgan.

27-mart kuni Jahon banki Oliy Majlis Senati, Oila va xotin-qizlar masalalari qo‘mitasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Millatlar hamdo‘stligi masalalari va taraqqiyot bo‘yicha vazirligi bilan hamkorlikdagi yangi “O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatini baholash” hisobotining asosiy xulosalari va tavsiyalarini taqdim etdi.

Hisobotda gender tengligining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, ayollarning iqtisodiy faoliyat va imkoniyatlar, ta’lim tizimi va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlariga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, unda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, nikoh va ajrashish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtiroki bilan bog‘liq vaziyat o‘rganiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda ayollarning huquqlari va ularning jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurga ta’sir ko‘rsatadigan xatti-harakatlariga oid ijtimoiy me’yorlar va kutilmalar tahlil qilinadi.

Xususan, mamlakatdagi gender holatining bahosida, agar ayollar mamlakat iqtisodiy hayotida erkaklar bilan teng ishtirok eta olsa, O‘zbekiston yalpi milliy daromadi taxminan 29 foizga oshishi mumkinligi qayd etilgan. Ushbu foydalanilmagan iqtisodiy salohiyat 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan olib chiqishi mumkin.

Jahon banki ekspertlari mamlakatda gender tengligiga erishish uchun muhim islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Biroq, tegishli chora-tadbirlarning samarali ijrosi hozircha yetarlicha ta’minlanmagan.

O‘zbekiston Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” yillik hisobotida eng ilg‘or o‘zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar qatoriga kirgandi. Unda O‘zbekiston Singapur, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan bir xil ball to‘plagandi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda eng yaxshi natijalarni ko‘rsatdi.

Hisobotda 190 mamlakatdagi gender tengligi bilan bog‘liq vaziyat baholangan. O‘zbekiston boshqa 18 ta davlatlar qatorida ayollar huquqlarini kengaytiruvchi huquqiy islohotlarni amalga oshirdi.

Ushbu chora-tadbirlar natijasida mamlakat 2022-yil oktabr oyidan buyon gender tengligi bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishda eng yuqori natijalarga erishgan beshta iqtisodiyotdan biriga aylandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga